O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limida Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yiliga bag‘ishlangan an’anaviy xalqaro Tasviriy va amaliy san’at festivali haftaligining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari R.Zarikeev, Turizm boshqarmasi boshlig‘i G.Izentayeva, akademik S.Baybosinov va boshqalar so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni 15-aprel – Madaniyat va san’at xodimlari kuni bayrami hamda festivalning ochilishi bilan qutladi.
15-19-aprel kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan festivalning asosiy maqsadi milliy tasviriy va amaliy san’atimizning boy merosini, uning yutuqlarini keng ommaga yetkazish, yosh iqtidorlarni qo‘llab-quvvatlash, shu orqali ularni ona Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalab, tasviriy san’atga qiziqishini oshirishdir.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Ko‘rgazma saroyida J.Izentayev nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati o‘qituvchilari va o‘quvchilari asarlaridan iborat ko‘rgazma ochildi. Ko‘rgazmadan yurtimizning betakror tabiati aks ettirilgan peyzajlar, dalalarda yetishtirilgan poliz mahsulotlari bilan birga gulzorlardan yangi uzilgan gullar aks ettirgan natyurmortlar, Orol dengizi va uning taqdiri yuzasidan kompozitsiyalar, tarixiy joylardan so‘zlovchi kartinalar o‘rin olgan.
Shu kuni Nukus shahridagi Yesjan baxshi nomidagi 1-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi tasviriy va amaliy san’at bo‘limi o‘quvchilarining ko‘rgazmasi, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zolari bilan uchrashuv va mahorat darsi, I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyi oldida “Nukus Brodveyi” nomli loyiha doirasida rassomlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Haftalik doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri