Poytaxtimizda Bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash assotsiatsiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash assotsiatsiyasi raisi Inqilob Yusupova, Assotsiatsiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar bo‘limlari raislari va vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson qadrini yuksaltirish, bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan davlat siyosati mohiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib etish, bolalar va oilalar huquqlarini asrash bo‘yicha xalqaro huquqiy me’yorlar asosida amalga oshirilayotgan ishlar e’tirof etildi.

Yig‘ilishda bolalar va oilalar huquqlarini muhofaza qilish borasida amalga oshirilgan ishlar, kelgusidagi rejalar muhokama qilindi va bir qator tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili(ombudsman) o‘rinbosari, Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil bo‘lib faoliyat yuritgan Aliya Yunusova Bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash assotsiatsiyasiga ijrochi direktor etib tayinlandi.

— Mamlakatimizda yosh avlodni ilmli, salohiyatli qilib tarbiyalash, aholini ijtimoiy himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi, — deydi Bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash assotsiatsiyasi raisi Inqilob Yusupova. — Ijtimoiy adolat tamoyillari yo‘lga qo‘yildi, bolalar va oilalar huquqlari O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan himoya qilinishi belgilangan. Ayniqsa, bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugun oldimizda davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda qonunchilik ijrosini ta’minlash, bu boradagi davlat siyosati mohiyatini keng aholi o‘rtasida targ‘ib etish, fuqarolarning huquqiy savodxonligini yuksaltirib, farzandlarimizning ahil va totuv oilalarda, ilmli-salohiyatli bo‘lib voyaga yetishini ta’minlashdek mas’uliyatli vazifalar turibdi.

O‘zbekiston Respublikasida bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishning institutsional va huquqiy asoslari, bolalar orasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar sodir etilishining barvaqt oldini olish, nogironligi bo‘lgan bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan Bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash assotsiatsiyasi tomonidan rejalashtirilayotgan muhim loyihalar muhokama qilindi.

N.Usmonova, O‘zA