O‘zbekistonlik jurnalistlar mamlakatimizning Ozarbayjondagi ilk konsulligida
Avval xabar berganimizdek, shu kunlarda o‘zbekistonlik bir guruh jurnalistlar Ozarbayjonda bo‘lib turibdi. Xizmat safari ikkinchi kuni hamyurtlarimiz Ganja shahriga bordi.
Ozarbayjonning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan Arran tarixiy-jo‘g‘rofiy viloyati markazi bo‘lgan bu kent Bok-u shahridan 360 kilometr masofada joylashgan. Taxminan milodiy VI asrda asos solingan shaharda ming kishi istiqomat qiladi, o‘zbek oilalarining soni yuzdan oshgan.
Ko‘p asrlik o‘tmishi davomida Ganjada Ozarbayjonning milliyligi aks etgan o‘nlab tarixiy-me’moriy yodgorliklari bunyod etilgan.
Mamlakatimiz OAV vakillari O‘zbekistonning ushbu hududda ochilgan ilk faxriy konsulligiga ham tashrif buyurdi. Vakolatxonaning rasman ochilishi 19-aprel kuni shahar ijro hokimiyati rahbari Niyoziy Bayramov, shu yerda joylashgan Turkiya va Gruziya konsulliklari rahbarlari, ishbilarmon doiralar, fan va jamoatchilik vakillari, mahalliy OAV xodimlari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonning Ozarbayjondagi birinchi faxriy konsuli etib Kyanan Jalilov tayinlandi.
Ta’kidlash joiz, ushbu voqea ikki qardosh mamlakat va xalq o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli sheriklik munosabatini yanada chuqurlashtirish uchun ajoyib imkoniyatdir.
Faxriy konsullik fuqarolarimiz huquqi manfaatini himoya qilish, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy sayyohlarni mamlakatimizga jalb qilish, madaniy-gumanitar aloqani rivojlanirishga xizmat qiladi.
Tashrif davomida hamkasblarimiz XII asrning dunyoga mashhur shoiri Nizomiy Ganjaviy maqbarasini ham ziyorat qildi. Majmua 1947-yil barpo etilib, 1991-yil qayta qurilgan, 2011-2012-yillarda rekonstruksiya qilingan. Qizil granitdan yasalgan, tepasi gumbaz bilan qoplangan, atrofi bog‘ bilan o‘ralgan mahobali inshoot shaharga sharqiy tomondan kiraverishda joylashgan.
Nizomiy Ganjaviy taxallusi bilan ijod qilgan, taxminan 1141-1209-yillari yashab o‘tgan buyuk ozar xamsashunos adibi Shayx Ilyos ibn Yusuf “Xamsa” asarida qalamining yuksak mahorati ila yuksak axloqiy-falsafiy qarashlarini ifoda etgan.
Uning nomidagi maqbara ajoyib ziyoratgoh, turizm maskani sifatida ko‘plab sayyohlar, she’riyat va tarix ixlosmandlarini o‘ziga jalb qilib keladi. Majmua tarkibidagi muzeyda Nizomiy asarlarining barcha nashrlari, uning kitoblariga ishlangan suratlar, qadimiy miniatyura va gilamlar saqlanadi.
Aziza Alimova,
O‘zA muxbiri
Bok-u, Ozarbayjon