10 ming nafar tadbirkor Yaponiya tajribasi asosida o‘qitiladi va mentorlar tayyorlanadi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB Boshqaruvi va Kichik biznesni rivojlantirish jamg‘armasi rahbariyati, Yamagata universiteti vakillari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
“Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasida respublikamizdagi 10 ming nafar tadbirkor Yaponiya tajribasi asosida o‘qitiladi va mentorlar tayyorlanadi.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, “Biznesni rivojlantirish banki” ushbu dasturni samarali amalga oshirish va uni doimiy ravishda takomillashtirib borish bo‘yicha asosiy tayanch bank sifatida belgilangan.
Dasturga asosan tashabbuskorlarning biznes ko‘nikmalarini shakllantirish yo‘nalishidagi qisqa va o‘rta muddatli amaliy o‘quv kurslari bank qoshidagi “Kichik biznesni rivojlantirish jamg‘armasi” tomonidan hududlarda tashkil etilgan 14 ta “Kichik biznesga ko‘maklashish markazlari”da olib boriladi.
Kurslar demaind asosida may oyi oxiridan boshlanadi. Kurslarda o‘qish tadbirkorlar uchun bepul va 100 foiz yapon mutaxassislari tomonidan o‘zbek tilida amalga oshiriladi.
Yaponiyaning nufuzli universiteti bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan o‘quv kurslarida tadbirkorlar biznes ko‘nikmalarini rivojlantirish, biznes-rejani ishlab chiqish, loyihalarni moliyalashtirish manbalarini topish kabi yo‘nalishlarda o‘qitiladi.
Shuningdek, yaponiyalik mutaxassislar ko‘magida mahalliy kadrlar orasidan mentorlar tayyorlanadi. Kelgusida “Kichik biznesni rivojlantirish jamg‘armasi” tomonidan tadbirkorlarni o‘qitish ishlari mentorlar yordamida tashkil etilishi rejalamoqda.
Matbuot anjumanida mazkur muhim vazifa ijrosiga kirishishda dastlab universitet vakillari qator hududlarda bo‘lib, tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qilgani va ilk tashrif yakunlari bo‘yicha ham ma’lumot berildi.
Qayd etildiki, tashrif doirasida shu kunga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm hamda Buxoro viloyatlarida tadbirkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Xususan, mazkur shaharlardagi Kichik biznesga ko‘maklashish markazlarida mahalliy tadbirkorlar uchun o‘quv seminarlari tashkil etilib, tadbirkorlar biznesni boshqarishning yapon metodi bilan tanishtirildi. Mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda tadbirkorlik faoliyatini yanada kengaytirishga doir muhim va foydali tavsiyalar berildi.
Eng asosiysi, boshlanadigan asosiy mashg‘ulotlar yanada samarali bo‘lishiga tayyorgarlikning muhim jihatlari bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi. Bu haqda “Yamagata” universiteti professori Tadashi Onodera o‘z ma’ruzasida jurnalistlarga batafsil ma’lumot berdi. Qayd etish joizki, tadbirkorlikka o‘qitish dasturining Lean Management metodikasi ilk bor Yamagata universiteti tomonidan O‘zbekistonga olib kirmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, 1949-yilda tashkil etilgan Yamagata universiteti Yaponiyaning milliy universiteti bo‘lib, jahondagi eng yaxshi 600 universitetlar qatoriga kiradi. Bu universitet 18 mamlakatdagi 48 ta universitet va institutlar bilan hamkorlik qiladi. U yerda faoliyat yuritadigan professor olimlar AQSHning “Silikon vodiysi”dagi nufuzli kompaniyalar, “Lenovo”, “Mitsui” kabi korporatsiyalarning boshqaruvi a’zolari hisoblanishadi.
Reklama huquqi asosida
Shahnoza Mamaturopova, Oybek Pardayev (surat)
O‘zA