Nukusda “Yuksalish” harakati Search Uzbekistan tashkiloti bilan hamkorlikda AQSH Davlat departamentining Demokratiya, inson huquqlari va mehnat byurosi moliyaviy ko‘magida #Yoshxabardor: “Yoshlar korrupsiyaga qarshi” loyihasi doirasida ikki kunlik seminar bo‘lib o‘tdi.
Loyihaning maqsadi mamlakatimizda davlat organlarining korrupsiyaga qarshi sa’y-harakatlarida yoshlar ishtirokini kuchaytirish, ushbu illatning oldini olish va u haqida xabardor qilish tushunchalarini mustahkamlash, ularning korrupsiyaga qarshi xavfsiz va konstruktiv tarzda kurashish bo‘yicha yangi ko‘nikmalarga ega bo‘lishida amaliy ko‘mak ko‘rsatishdan iborat. Loyiha 18 oy mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida amalga oshiriladi. Ushbu maqsadli hududlar, birinchi navbatda, korrupsiyaning nomutanosib ta’siri, yaxshiroq ta’lim olish, ishga joylashish imkoniyatlarini qidirayotgan yoshlar o‘rtasidagi migratsiya tendensiyalari o‘rganilgan holda tanlandi.
Asosiy maqsadli guruh 16 dan 29 yoshgacha bo‘lganlardan iborat. Ushbu yosh oralig‘i ta’lim, sog‘liqni saqlash va bandlik sohalarida korrupsiyadan jabrlanish ehtimoli katta bo‘lgani uchun tanlangan. Loyihada uch komponent: bilimga hamda ko‘nikmaga asoslangan faoliyat, korrupsiyaga qarshi o‘z dasturlarini ishlab chiqishga tayyorlashga qaratilgan o‘quv dasturi asosida yoshlar klasterlarini tashkil etish, yakunida korrupsiyaga qarshi yoshlar tarmog‘ini yaratish bosqichlaridan iborat.
Treninglarni muvaffaqiyatli yakunlagan va sog‘liqni saqlash, ta’lim, bandlik sohalarida mahalliy korrupsiyani aniqlash bo‘yicha o‘z tashabbuslarini ilgari surgan faol yoshlar guruhlarining har biriga 3 ming AQSH dollaridan 5 ta kichik grant taqdim etiladi. Bundan tashqari, har bir hududda individual murabbiylik va soha bo‘yicha seminarlar o‘tkazish orqali Korrupsiyaga qarshi yoshlar tarmog‘ini tuzishga ko‘maklashiladi. Eng asosiysi, yoshlarning ushbu illat haqida xabardorligi va bilimi oshib, korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakati kuchaytiriladi. Bu boradagi bo‘shliqlarni to‘ldirish uchun maqsadli yoshlar va hukumat o‘rtasidagi hamkorlik rag‘batlantiriladi.
Seminar-trening yakunida ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan sertifikatlar topshirildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.