Bu haqda “Kitobsevar millat” shiori ostidagi IV respublika “Kitobxonlik haftaligi” ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov ma’lum qildi.

– Bu yilgi haftalik mavjud shart-sharoitdan kelib chiqib o‘zgacha ruhda, kerak bo‘lsa, har yilgidan kengroq doirada o‘tkazilmoqda, – dedi R.Qobilov. –Xususan, hokimliklar, yoshlar bilan ishlaydigan tashkilotlar tomonidan kitobxonlik targ‘iboti kuchaytirildi, shaharlar va tumanlarda kutubxonalar barpo etilmoqda, mavjudlari ta’mirlanib, aholi uchun qulay shart-sharoit yaratilmoqda. Viloyat axborot-kutubxona markazi kapital ta’mirlanib, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangach, bu yerda bir vaqtning o‘zida 500 dan ko‘proq kitobxonga xizmat ko‘rsatish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bir necha o‘quv zallari, muzey ekspozitsiyasi, multimedia xonasi, ovoz yozish studiyasi, ilmiy zal, uchrashuvlar va munozaralar o‘tkazish zallari, raqamlashtirish sektori ishga tushirildi, qo‘lyozmalarni restavratsiya va konservatsiya qilish xizmati yo‘lga qo‘yildi. Viloyat kutubxonasida mavjud shart-sharoitni yaxshilash borasidagi ishlar muntazam davom ettirilmoqda. Yaqinda kutubxonaga yana bir qator orgtexnika vositalari xarid qilindi. Xususan, interaktiv panel, tadbirlar o‘tkazish uchun zamonaviy jihozlar olindi. Kompyuterlar yuqori tezlikdagi internetga ulangan, shu yerning o‘zida elektron ko‘rinishda a’zo qilinib, ID karta berish yo‘lga qo‘yilgan.

Viloyatimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish borasidagi ishlar natijasida yaqinda Joyboy tumanidagi 12-umumiy o‘rta ta’lim maktabi 8-sinf o‘quvchisi Nargiza Muhammadiyeva “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida g‘olib bo‘lib, Prezident sovg‘asi bilan taqdirlandi. Bu muvaffaqiyat samarqandlik yoshlarning kitobga mehrini oshirishga katta motivatsiya bo‘ldi.

Ma’lumki, Samarqand shahri joriy yilda MDHning madaniy poytaxti deb e’lon qilingan. Shu munosabat bilan yaqinda madaniy tadbirlar boshlandi. Yil yakuniga qadar yigirmaga yaqin yirik tadbirlar ko‘zda tutilgan. Jumladan, 15-may kuni Samarqandda MDH mamlakatlari kutubxonachilarining forumi o‘tkaziladi va ayni paytda ushbu anjumanga qizg‘in hozirlik ko‘ryapmiz.

Haftalik ochilish marosimi doirasida Samarqand viloyati axborot-kutubxona markazi tomonidan hamkor tashkilotlar vakillari va ijodkorlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

– Muassasamizda kitobxonlar uchun barcha qulaylik va imkoniyatlar yaratilgani tufayli keyingi besh yilda kutubxonaga keluvchilar 872 nafardan 25835 nafarga oshdi, – deydi Samarqand viloyati axborot-kutubxona markazi direktori Zebiniso Shodiyeva. – Kitobxonlik bo‘yicha o‘tkazilayotgan tadbirlarning soni va sifati ham oshib bormoqda. Haftalik davomida markazda bir qator yangi kitoblar taqdimotlari, ijodkorlar bilan uchrashuvlar, kitobxonlik bo‘yicha turli tanlovlar tashkil etiladi. “Sevimli kitoblarim” nomli ko‘rgazma, “Qiziqarli kutubxonada” nomli kutubxona bo‘ylab sayohatlar, “Sevimli kutubxonamga kitob sovg‘a qilaman” aksiyasi o‘tkaziladi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),

O‘zA muxbirlari