Yurtimizning Koreya Respublikasi bilan hamkorligi rivojlanib bormoqda. Ayni jarayonni yanada faollashtirish maqsadida har ikkala tomon hamkorligining yangi istiqbollariga alohida e’tibor qaratishmoqda.

Jumladan, Koreya Respublikasi Kvanju shahrining Kvangsan-gu tumani hokimi Pak Byun Kyu boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizning turli hududlarida bo‘lib, mahalliy rahbarlar bilan muloqotlar o‘tkazmoqda. Delegatsiyaning Samarqand viloyatiga tashrifi ham ko‘zlangan maqsadlar sari yana bir dadil qadam bo‘ldi. Mehmonlar “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazib, o‘zaro hamkorlik aloqalari istiqbollarini muhokama qildi.

– Koreya delegatsiyasi bilan bo‘lib o‘tgan samimiy muloqotimiz davomida oldimizda turgan dolzarb masalalarni muhokama qilib, kelishuvlarga erishdik, – deydi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti prorektori Dilmurod Nasimov. – Universitetimiz xalqaro maqomga ega bo‘lganligi bois, bizda xorijiy hamkorlar bilan aloqalar alohida e’tiborga ega. Bugungi kunda universitetning 1 ta fakulteti va 3 ta kafedrasida 9 ta bakalavriat ta’lim yunalishi va 10 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha 3000 ga yaqin talaba tahsil olmoqda. Ularning 62 nafari 16 davlatdan kelgan xorijiy talabalar hisoblanadi.

Universitet tarkibida o‘zbek, ingliz, xitoy, koreys, arab, yapon, fors, rus tillarida nashr qilingan 24371 ta turizmga oid ilmiy va o‘quv adabiyotlari mavjud bo‘lgan kutubxona hamda 4 ta kollej va 6 ta texnikum mavjud. Bugungi kunda universitetimiz xorijdagi 80 dan ziyod nufuzli oliy ta’lim muassasasi, ilmiy tadqiqot markazlari va tashkilotlari bilan aloqa o‘rnatgan va ular bilan professor-o‘qituvchilar tajriba almashinuvi, talabalar almashinuvi, ilmiy konferensiya, seminar va forumlar o‘tkazish hamda xalqaro ta’limni rivojlantirishga ko‘maklashuvchi boshqa yo‘nalishlarda samarali hamkorlik qilib kelmoqda.

Xususan, Koreyaning 3 ta oliy ta’lim muassasasi, Koreya Madaniy meros fondi bilan xamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi uchrashuv davomida Kvangsan-gu tumanida joylashgan Xonam universiteti bilan hamkorlik memorandumini imzoladik. Kelishuvga ko‘ra, universitetimizda koreys tili va madaniyatini targ‘ib qiluvchi markaz, Xonam universitetida esa o‘zbek tili va madaniyati targ‘iboti bilan shug‘ullanuvchi markaz tashkil qilinadi.

“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida o‘tkazilgan muloqot davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish, shuningdek, har ikki tomonda madaniy markazlar tashkil qilish, professor o‘qituvchilar talabalar alshinuvini yo‘lga qo‘yish borasida o‘zaro fikr alashishdi.

Xususan, Kvangsan-gu tumani hokimi janob Pak Byun Kyu muloqot davomida o‘z tumani haqida batafsil ma’lumot berib, tuman Kvanju shahri iqtisodiyotining lokomotivi ekanligini ta’kidladi. Bugungi kunda tuman sanoat, ishlab chiqarish sohasida ulkan salohiyatga ega. Xorijdan kelib mehnat faoliyatini olib borayotganlarning 55 foizi mazkur tumanda istiqomat qiladi.

E’tiborlisi, ularning asosiy qismi o‘zbekistonlik. Xonam universiteti tumandagi nufuzli universitetlardan biri.

– 1978-yilda tashkil etilgan universitetimiz xususiy bo‘lsa-da, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi, – deydi Xonam universiteti prezidenti Park Sanchxol. – Xorijliklar bilan birgalikda 9 ming 200 nafar talaba qirqdan ortiq yo‘nalishda tahsil olmoqda. Asosiy ixtisoslashuvi menejment, mehmonxona xizmati va turizm yo‘nalishlari hisoblanadi. “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti bilan o‘zaro hamkorligimiz keng rivojlanadi. Chunki, bizning ixtisoslashuvimiz deyarli bir xil.

Koreyalik mehmonlar tashrif davomida Samarqandning diqqatga sazovor joylari bilan ham yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),

O‘zA muxbirlari