Buxoroda “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” musobaqalarining 2024 yilgi mavsumiga start berildi.
Shahardagi “Umid” sport majmuasida turnirning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqib, musobaqa ishtirokchilariga omad tiladi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati tashabbusi bilan 2021-yildan e’tiboran yoshlarni sportga keng jalb qilish, iqtidorli va iste’dodli yoshlarni saralab olish maqsadida DXX kubogi uchun futbol va mini futbol bo‘yicha musobaqalar o‘tkazib kelinmoqda. 2021-2023-yillar davomida ushbu tadbir doirasida viloyat miqyosida 35 mingdan ortiq yoshlar ishtirok etgan. Ko‘plab yangi iqtidorli yoshlar kashf etilgan.
Quvonarlisi, musobaqalarning viloyat bosqichi g‘olibi bo‘lgan jamoa mahallasida zamonaviy yangi tipdagi “STREET WORKAUT” maydonchalari qurib berish amaliyoti joriy qilindi. Bu tajriba yoshlarning o‘z mahallasida obro‘sining oshishiga va ortidan yoshlarni ergashtirishda motivatsiya bo‘lib xizmat qilmoqda.
Turnirda ishtirokchilar uch bosqichda bosh sovrin uchun kurash olib boradi. 1-bosqich tuman va shahar saralash musobaqalari aprel-may oylarida, 2-bosqich Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar bo‘yicha saralash musobaqalari iyun-iyul oylarida, 3- bosqich respublika bo‘yicha final musobaqalari avgust oyida bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumot uchun: 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar futbol va mini-futbol, qizlar esa mini-futbol bo‘yicha DXX kubogida ishtirok etishi mumkin.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari