AQSH Kongressi Vakillar palatasi Ukraina, Isroil va Tayvanga xavfsizlik sohasida jami 95 milliard dollarlik yordam ko‘rsatishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini qabul qildi. Uzoq kutilgan hujjat ikki partiyaviy qo‘llab-quvvatlovdan o‘tib, Senatga yuborildi, keyin imzolanishi uchun Prezident Jo Bayden stoliga kelishi mumkin.

Isroilga qancha yordam yuboriladi?

Isroilga 26,38 milliard dollar, jumladan gumanitar ehtiyoj uchun 9,1 milliard dollar ajratiladi.

5,2 milliard dollar Isroilning raketaga qarshi mudofaa tizimini to‘ldirish, kengaytirishga yo‘naltiriladi. Ilg‘or qurol sotib olishga 3,5 milliard, qurol ishlab chiqarishni kuchaytirish uchun 1 milliard, boshqa xizmatlar uchun 4,4 milliard, G‘azo sektori va qamaldagi G‘arbiy Sohilni qamrab olgan gumanitar maqsad uchun 9,2 milliard dollar ko‘zda tutilgan.

Insonparvarlik yo‘nalishida ham mablag‘ ajratilishiga qaramay, qonun loyihasida BMTning Falastinlik qochqinlar bo‘yicha agentligini  moliyalashtirish taqiqlangani ko‘rsatilgan. Bunga sabab sifatida Isroilning tuzilma xodimlari 7-oktyabr kuni XAMAS hujumida ishtirok etgani to‘g‘risidagi ayblovi ko‘rsatilmoqda.

Binobarin, G‘arbning bir necha donori G‘azodagi ikki millionga yaqin aholi uchun muhim bo‘lgan ushbu muassasaning moliyaviy holatini qayta tiklagan.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu moliyaviy ko‘makni olqishlab, AQSHga rahmat aytgan. Falastin tomoni esa qonun loyihasini xalqqa tajovuz, xavfli eskalatsiya, deya atagan.

– Bu pul G‘azo va bosib olingan G‘arbiy Sohildagi minglab falastinliklarni qurbonga aylantiradi, – dedi Prezident Mahmud Abbosning matbuot kotibi Nabil Ab-u Rudeyna.

Ukrainaga qancha pul yo‘naltiriladi?

Yangi qarorga ko‘ra, Ukrainadagi mojaroni hal qilish uchun 60,84 milliard dollar ajratiladi. Qurol zaxirasi va inshootlarini to‘ldirish uchun 23 milliard, armiyani tayyorlashga yordam beradigan jihozlar uchun 14 milliard dollar ko‘rsatilgan. 11 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ AQSHning mintaqadagi joriy harbiy amaliyotini moliyalashtirishga ketadi. Shuningdek, endi Kiyev va Vashington shu pul hisobidan razvedka sohasidagi hamkorlikni ham kuchaytiradi. 8 milliard dollar esa noharbiy yordam sifatida Ukraina hukumatiga maosh to‘lashda ko‘maklashadi.

– Vakillar palatasi tomonidan qabul qilingan muhim yordam haqidagi qonun loyihasi urush kengayishiga yo‘l qo‘ymaydi, balki minglab odamlar hayotini saqlab qoladi va har ikki xalqning kuchayishiga yordam beradi, – dedi Zelenskiy.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi mas’ul vakili Mariya Zaxarova AQSHning yangi yordam paketi butun dunyo bo‘ylab inqiroz chuqurlashishiga olib kelishini ta’kidlab, Ukraina rejimiga harbiy yordam terror faoliyatiga bevosita bog‘liqligini ham qo‘shimcha qilgan.

Osiyo-Tinch okeaniga qancha pul ajratiladi?

Hisob-kitobga ko‘ra, 8,12 milliard dollar Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga, jumladan Tayvanga yo‘naltiriladi.

Tayvan Milliy Mudofaa vazirligi qonun loyihasi qabul qilingandan keyin Vakillar palatasiga minnatdorlik bildirib, bu amaliyot milliy xavfsizlik, Tayvan bo‘g‘ozida tinchlik va barqarorlik ta’minlanishi uchun jangovar tayyorgarlikni kuchaytirishini aytgan.

Shu bilan birga hujjatda Ukrainani qayta tiklash uchun Rossiya Markaziy bankining muzlatilgan aktivini musodara qilish, Eron, Rossiya va Xitoyga qarshi sanksiya kiritish imkonini beruvchi takliflar, shuningdek “Tik-Tok” video ilovasining xitoylik egasi o‘z ulushini sotishi zarurligi yoki AQSHda taqiqqa uchrashi haqidagi qoidalar mavjud.

– Senatdan ushbu hujjat tezroq Prezident stoliga yuborilishini so‘rayman, – degan Bayden. – Qonun imzolanadi, biz Ukrainaga jang maydonidagi favqulodda ehtiyojni qondirish uchun zudlik bilan qurol va jihoz jo‘natamiz.

Senat muhokamasi seshanba kuni boshlanishi kutilyapti.

Sardor Poyonov, O‘zA