Qatarda futbol bo‘yicha 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan Osiyo kubogining guruh bosqichi ikkinchi turida O‘zbekiston terma jamoasi chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Temur Kapadze shogirdlari «D» guruhida quvaytlik tengdoshlariga qarshi o‘yin o‘tkazdi. Uchrashuvning 32-daqiqasida Muhammadqodir Hamraliyevning uzatgan to‘pini Alibek Davronov boshi bilan ajoyib tarzda raqib darvozasiga joylab qo‘ydi.

Ikkinchi bo‘limning 49-daqiqasida Muhammadqodir Hamraliyev terma jamoamizning ikkinchi goliga mualliflik qildi. 55-daqiqada Quvayt jamoasi a’zosi jarima zarbasini yo‘llashdagi xatosini payqagan Hojimat Erkinov to‘pni o‘ziga qabul qilib oldi va tezkor qayta hujum uyushtirdi.

O‘zi boshlagan hujumni Hojimat Erkinov golga aylantirdi. Diyor Xolmatov 86-daqiqada penaltidan, 90+6- daqiqada Husayn Norchayev gol urib, termamizning 5:0 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi.

Shuningdek, guruhdagi Malayziya va Vetnam termalari bahsida 0:2 hisobi qayd etildi.

Shu tariqa, O‘zbekiston va Vetnam terma jamoalari ochkolarini 6 taga yetkazib olgan holda muddatidan oldin chorak finalga chiqdi. Endi ushbu jamoalar 23-aprel kuni guruh g‘olibligi uchun maydonga tushadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA