Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida Yevropaga integratsiya tarafdorlari namoyishga chiqishdi, deb yozdi “Trend” axborot agentligi. Mamlakat parlamenti 17-aprel kuni birinchi o‘qishdayoq ma’qullagan “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi munozarali qonun loyihasiga yuzlab yoshlar norozilik bildirgan.

Qayd etilishicha, politsiya xodimlari yig‘ilganlarga qarshilik ko‘rsatgan. Namoyishchilar politsiya bilan to‘qnashgan, ko‘pchilik hibsga olingan.

Miting munosabati bilan parlament binosiga politsiya kuchlari jalb qilingan.

Mazkur qonun loyihasi Rossiyaning “Chet el agentlari” to‘g‘risidagi me’yoriy hujjat bilan solishtirilmoqda. Bryussel ta’kidlashicha, matn “Yevropa Ittifoqi asosiy me’yori va qadriyatiga mos kelmaydi”, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati erkinligini cheklash xavfini yuzaga keltiradi va agar qonun qabul qilinsa, Yevropa Ittifoqi sari yo‘l xavf ostida qolishi mumkin. Prezident Salome Zurabishvili parlament tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilinsa, bahsli qonunga veto qo‘yishini aytdi.

16-apreldan beri Gurjistonda namoyish davom etmoqda – o‘sha kuni Tbilisidagi parlament binosi yaqinida 15 mingga yaqin odam to‘plangan, politsiya odamlarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan. Gurjiston ichki ishlar vaziri Vaxtang Gomelauri bayonotida 16-17-aprel kunlari politsiya poytaxtda 40 namoyishchi qo‘lga olingani keltirilgan. To‘qnashuv chog‘ida bir necha politsiyachi yaralangan, ulardan ikki nafarining ahvoli og‘ir.