O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiradigan vazirlik va idoralarda hammom-kirxona xizmatlarini autsoring shartlari asosida ko‘rsatishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatida xodimlar soni va xarajatlarni maqbullashtirish hamda tashish va yetkazib berish sifatini yaxshilash imkonini beradigan autsorsing shartlari asosida hammom-kirxona xizmatlarini ko‘rsatish joriy etiladi.
Ko‘rsatilgan xizmatlar tannarxi autsorserning barcha xarajatlarini, shu jumladan, xodimlarning ish haqi, soliqlar, transport xarajatlari, kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar va boshqalarni o‘z ichiga olgan holda 20 foizgacha ustama qo‘shib hisoblanadi. Bunda yopiq harbiy shaharchalarda hammom-kirxona xizmatlarini ko‘rsatish narxlari tegishli hududdagi mavjud narxlardan oshirilmasligi lozim bo‘ladi.
Dala sharoitlarida va favqulodda vaziyatlarda transport xarajatlari autsorserlarga hammom-kirxona xizmati qiymatining 2 foizi miqdorida qoplanadi.
Hammom-kirxona xizmatini ko‘rsatish narxlari o‘zgargan taqdirda, autsorserlarni tanlab olish bayonnomasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.
Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiradigan vazirlik va idoralarda hammom-kirxona xizmatlarini autsorsing shartlari asosida ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda:
Qurolli Kuchlar tarkibiga kiradigan vazirlik va idoralarda faoliyat ko‘rsatuvchi autsorserlar va ularning xodimlariga qo‘yiladigan talablar;
autsorsing tizimida narxlarni shakllantirish va shartnomalarni tuzish hamda autsorsing shartlarida shaxsiy tarkibga hammom-kirxona xizmatlarini ko‘rsatish tartibi;
hammom-kirxona xizmatlari ko‘rsatilishini nazorat qilish tartibi;
autsorserlarga vaqtincha foydalanish uchun berilgan obyektlar va moddiy-texnika vositalaridan foydalanish tartibi belgilab berilgan.
O‘zA