O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev O‘mon elchisi Vafo Jabr Nosir Al-Busaydiy bilan uchrashdi.

Tomonlar o‘zaro munosabat jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etib, “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi Toshkent shahrida muvaffaqiyatli o‘tkazilganini olqishladilar.

Ikki tomonlama asosda va xalqaro institutlar doirasidagi siyosiy, diplomatik hamkorlikni faollashtirish muhimligi ta’kidlandi. Savdo-iqtisodiy sheriklik salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ko‘rishga o‘zaro tayyorlik tasdiqlandi.

Turli daraja va shakldagi bo‘lajak uchrashuvlar, jumladan ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvning navbatdagi davrasini o‘tkazish jadvali muhokama qilindi.