“Livehindustan” nashri Hindistonda parlament saylovi boshlanganini ma’lum qildi. 1-iyunda yakunlanadigan, dunyodagi eng uzoq vaqt davom etadigan siyosiy tadbir hisoblangan ushbu saylovda bir milliardga yaqin fuqaro ovoz berishi kutilyapti.

Parlament saylovida amaldagi hukmron “Bharatiya janata parti” va asosiy muxolif siyosiy kuch – “Hindiston milliy kongressi” partiyasi a’zolari o‘rtasida qizg‘in kurash kechadi.

Hindiston parlament demokratiyasi joriy qilingan va aholisi eng ko‘p mamlakat ekani ma’lum. Parlamentning quyi palatasi – 543 o‘rinli Lok Sabhaning amaldagi faoliyati muddati 16-iyun kuni tugaydi. Shu kungacha yangi tarkib shakllantirilishi va hukumatga keyingi 5-yil rahbarlik qiladigan Bosh vazir nomi e’lon qilinishi kerak.

28 shtat va 8 ittifoq hududida ovoz berish jarayoni bir necha bosqichda o‘tadi, ovoz sanash 4-iyun kuni yakunlanadi. Jami 968 million nafarga yaqin saylovchi ro‘yxatga olingan.

Tadbir arafasida o‘tkazilgan so‘rov amaldagi Bosh vazir Narendra Modi partiyasida g‘oliblik uchun imkoniyat ko‘pligini bashorat qilmoqda. Binobarin, asosiy raqobatchi partiya yetakchiligidagi hamda 28 umummilliy va hududiy partiyalarni birlashtirgan I.N.D.I.A. (Indian National Developmental Inclusive Alliance) muxolif alyansi a’zolari ham o‘z so‘zini aytishga ahd qilgan.