Joriy yil 5-apreldagi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlarida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, To‘rtko‘l tumani 2-sektor hududidagi “Yaxtilik” mahalla fuqarolar yig‘inida qaror ijrosini amalga oshirish maqsadida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda tuman prokurori, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi, tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi rahbarlari qishloq xo‘jaligidagi yer va suv resurslaridan samarali foydalanish orqali oziq-ovqat ekinlari yetishtirishni ko‘paytirish, aholi, shu jumladan, yoshlar bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish maqsadida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar xususida so‘z bordi.
Tadbirda yer maydonini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auksion savdolari “Ye-auksion” elektron savdo platformasi orqali tuman prokuraturasi tomonidan otaliqqa olingan hamda “Mahalla yettiligi”ning tavsiyasi bilan shakllantirilgan ro‘yxatga kiritilgan 78 nafar yoshga jami 25 gektar yer maydoni foydalanishga topshirildi hamda ushbu yerlarda ekish ishlari boshlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.