Qatar yashil maydonlari 23 yoshgacha bo‘lganlar futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogida ikkinchi tur uchrashuvlari o‘tkazilmoqda-yu

Kubokning «A» guruhida mezbon jamoa Qatar ikkinchi tur doirasida Iordaniya olimpiya terma jamoasini 2:1 hisobida yengdi va 6 ochko to‘plagan holda muddatidan avval chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, guruhda Indoneziya terma jamoasi kutilmaganda Avstraliyani 1:0 hisobida yengib ochkolar sonini 3 taga yetkazib oldi.

Shu tariqa, ushbu guruhda Qatar 6 ochko to‘plagan holda birinchi, Indoneziya esa 3 ochko bilan ikkinchi pog‘onani egalladi. Iordaniya va Avstraliya hisobida 1 ochko mavjud bo‘lib, jadvalda 3-4 o‘rinlarni egallab kelmoqda.

Bugun, 19-aprel kuni musobaqa ikkinchi tur doirasida «B» va «S» guruhlarida o‘yinlar o‘tkaziladi. Aniqrog‘i, «B» guruhida Xitoy – Janubiy Koreya, BAA – Yaponiya, «S» guruhida Tailand Saudiya Arabistoni, Tojikiston – Iroq olimpiya terma jamoalari o‘zaro raqobatlashadi.

Eslatib o‘tamiz, ertaga 20-aprel kuni O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Quvayt termasiga qarshi maydonga tushadi.

***

Bugun, O‘zbekiston kubogining 2-tur o‘yinlariga start beriladi. Unda Toshkentning «Paxtakor» klubi o‘z maydonida «Qo‘qon-1912» jamoasini qabul qiladi.

Mazkur uchrashuvdan avval, ikki jamoaning o‘zaro o‘yinlariga bir nazar tashlasak. Unga ko‘ra, «Paxtakor» mamlakat kubogida «Qo‘qon-1912» bilan 4 ta o‘yinda o‘zaro to‘qnash kelgan va ushbu o‘yinlarning bittasida durang qayd etilgan bo‘lsa, qolgan barcha o‘yin poytaxt klubi g‘alabasi bilan yakunlangan. Shuningdek, jamoalar Liga kubogida ham raqobatlashgan hamda «sherlar» 4:2, 0:4 hisobida zafar quchgan.

«Paxtakor» va «Qo‘qon-1912» jamoalari o‘rtasidagi bellashuv soat 16:30 da «Paxtakor» stadionida boshlanadi.

Shuningdek, kubok bahslarida bugun «Sirdaryo FA» – «Neftchi», «Do‘stlik Toshkent» – «Metallurg», «So‘g‘diyona» – «Jizzax PFK» klublar o‘rtasida o‘yin tashkil etiladi.

***

Rossiya Premer-ligasining 24-turida eng yaxshi o‘yin ko‘rsatgan 21 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar reytingi e’lon qilindi. Ekspertlar bellashuvlarda har tomonlama iqtidorini namoyish qila olgan besh nafar iste’dod egasini tanladi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston milliy va olimpiya terma jamoasi a’zosi, «SSKA» klubi futbolchisi Abbosbek Fayzullayev birinchi o‘rin sohibi sifatida e’tirof etildi.

Shuningdek, ushbu reytingdan Danila Kozlov (19 yosh, «Baltika»), Aleks Fernandes (21 yosh, «Baltika»), Kirill Kravsov (21 yosh, «Sochi») va Yaroslav Mixaylav (20 yosh, «Orenburg») kabi futbolchilar o‘rin oldi.

***

Eron chempionati 24-turidan o‘rin olgan «Persepolis» — «Sanat Naft» bahsi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv tehronliklarning 3:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. E’tiborlisi, bahsda legionerimiz Oston O‘runov 77 daqiqa harakat qildi. Shu tariqa «Persepolis» 3 ochkoni qo‘lga kiritgan holda chempionatda «Istiqlol»dan bitta ko‘p o‘yin o‘tkazgan holda 52 ochko bilan turnir jadvalida yetakchiga aylandi.

***

Yevropa ligasida chorak final o‘yinlari o‘z nihoyasiga yetdi va «Marsel», «Roma», «Atalanta» va «Bayer» klublari yarim finalgan yo‘l oldi.

Ma’lumot uchun, 1/2 final uchrashuvlari 3 va 10-may kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda «Marsel» — «Atalanta» va «Roma» — «Bayer» juftliklari o‘zaro raqobatlashadi.

***

Konferensiyalar ligasida ham yarim final juftliklar aniqlandi. Mazkur turning final yo‘llanmasi uchun o‘tadigan o‘yinlarda «Fiorentina» — «Byurgge», «Aston Villa» — «Olimpiakos» klublari maydonga tushadi. Bu bahslar 3 va 10-may kuni tashkil etilishi rejalashtirilgan.

 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA