Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash borasida qabul qilingan bir qator farmon hamda qarorlarga muvofiq davlat granti bo‘yicha ijobiy ishlar olib borilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi huzuridagi Ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasining 2024-yil 12-yanvardagi qarori bilan fond tomonidan davlat granti uchun 1-tanlov e’lon qilingan edi. Unga kelib tushgan loyihalar jamoat komissiyasining majlislarida ko‘rib chiqildi va g‘oliblar aniqlandi.
Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi huzuridagi jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan grant tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘ldi.
Komissiya a’zolarining qaroriga ko‘ra, “Korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy uslublaridan foydalanish orqali uning oldini olishga ko‘maklashish” yo‘nalishi bo‘yicha “Jayhun ilhomlari” nodavlat notijorat tashkiloti, “Ta’magirlik – davr dardi”, “Aholining tibbiy madaniyatini oshirish va sog‘lom turmush tarzini joriy etish” yo‘nalishi bo‘yicha “Daun sindromi” va “Autizm” tashxisi mavjud nogironlarni qo‘llab-quvvatlash “DAUT” Qoraqalpog‘iston markazi, “Birgalikda eplaymiz”, “Yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash” yo‘nalishi bo‘yicha Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi, “Tadbirkor boy bo‘lsa, davlat ham boy bo‘ladi”, “Mamlakatimizda sportni rivojlantirish orqali sportchilarning xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etishi uchun imkoniyatlar yaratish” yo‘nalishida O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi, “Parij-2024: Olimpiada o‘yinlariga bir qadam” milliy hunarmandchilikni rivojlantirish yo‘nalishi bo‘yicha “Qoraqalpog‘iston madaniyati” gazetasi tahririyatining “Retro hunar” loyihalari g‘olib deb topildi.
– “Tadbirkor boy bo‘lsa, davlat ham boy bo‘ladi” loyihamiz g‘olib bo‘lganidan mamnunmiz, – deydi Fuqarolik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi koordinatori Nuratdin Abipov. – Loyihaning maqsadi yoshlar va xotin-qizlarning biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish va oiladagi ijtimoiy muammolarning yechim topishiga ko‘maklashishdan iborat. Shu maqsadda Qonliko‘l va Shumanay tumanlaridan 30 nafar yosh va xotin-qiz biznes tashabbuslarga o‘qitiladi va ularning qobiliyatiga qarab o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishga yordam beriladi.
Tadbir yakunida g‘oliblarga sertifikatlar topshirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri