Kuni kecha futbol bo‘yicha Yevropa qit’asida qiziqarli uchrashuvlar o‘tkazildi. Muxlislar o‘yin so‘ngiga qadar katta hayajon va turli umidlar bilan bahslarni kuzatdi.

Myunxen shahrining «Bavariya» klubi o‘z maydonida Kimmixning yagona goli evaziga «Arsenal»dan ustun keldi va ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 3:2 hisobini qayd etgan «Bavariya» yarim finalga yo‘l oldi.

Chempionlar ligasi chorak finalidagi keskin va murosasiz bahs «Manchester Siti» – «Real» o‘rtasida o‘tdi. Uchrashuvda dastlab, Rodrigo 12-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa, 76-daqiqada De Bryuyne imkoniyatlarni tenglashtirib qo‘ydi. O‘yin davomida «Manchester Siti» klubi biroz ustunlik namoyish etdi va 120 daqiqa davom etgan o‘yinda g‘olib aniqlanmadi. Sababi, Madrid shahrida o‘tgan ilk o‘yin ham 3:3 hisobida yakunlangan bo‘lib, har ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra hisob 4:4 bo‘lib qoldi va jamoalar g‘olibni aniqlash maqsadida penaltilar seriyasiga murojaat qildi. Futbol lotereyasida «Real» 4:3 hisobida zafar quchdi hamda yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Madrid jamoasi o‘z tarixida birinchi marotaba «Manchester Siti» maydonidan g‘alaba bilan qaytdi. Umuman olganda, o‘yin bo‘yicha bu ishni uddalay olishmadi. Bungacha «Real» vakillari «Manchester Siti» muxlislari ko‘z o‘ngida uch marotaba mag‘lub bo‘lgan va ikki marta durang o‘ynagan edi. Lekin nima bo‘lganda ham so‘nggi natija «Real» uchun barcha mag‘lubiyat va durang o‘yinlar alamini esdan chiqarib yubordi.

Shu tariqa, musobaqaning chorak final bosqichi yakunlandi. Mazkur natijalardan keyin Angliya futbol klublarining barchasi musobaqa bilan xayrlashdi. Endi esa Germaniyaning ikki klubi, Fransiya va Ispaniyadan esa bittadan jamoa bosh sovrin uchun kurash olib boradi.

Chempionlar ligasining yarim finalida «Bavariya» – «Real», «Borussiya Dortmund» – «PSJ» bilan kuch sinashadi. Ushbu bahslar 30-apreldan 1-mayga o‘tar kechasi tashkil etiladi. Javob o‘yinlari esa 7-may kuniga belgilangan.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA