Prezident Erdog‘an “Putinning Turkiyaga tashrifi kelishilgan”, deb bayonot berganiga qaramay, bank amaliyoti bilan bog‘liq muammo hal etilmas ekan, RF yetakchisi Anqaraga bormaydi, Kreml hozircha bu masalani ko‘rib chiqayotgani yo‘q.

Oktagon yangiliklar kanali diplomatik manbalarga tayanib shunday yozgan. Ta’kidlanishicha, Putin tashrifi bir shart bilan bog‘liq: Turkiya hukumati o‘zaro bank amaliyoti bo‘yicha tutgan yo‘lini o‘zgartirishi kerak.

***

Xitoyning yana to‘rt yirik banki RF tomonidan yuan bilan amalga oshiriladigan to‘lovlarni qabul qilishni to‘xtatdi, deb yozdi “Izvestiya” gazetasi. Taxminan 80 foiz to‘lov qaytarib yuborilmoqda.

– Mazkur yangi cheklov ikkilamchi sanksiyaga tushib qolish xavfi sabab qo‘llanmoqda, – deyilgan maqolada– RF bilan do‘st bo‘lishiga qaramay, XXR banklari g‘arb dunyosi bilan qarma-qarshilikka borishga tayyor emas.

***

Suv toshqinidan keyin Qozog‘iston qurg‘oqchilik muammosiga duch kelishi mumkin.

– Qozog‘istonda yuz bergan toshqin bu yilgi hosilga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, chunki suv tuproqning unumdor qatlamini yuvib ketdi, – deyishyapti ekspertlar– Xavotirga solayotgan holat shuki, kelayotgan yozda qurg‘oqchilik yuz berishi mumkin. Odatda bahor selga boy kelsa, yozda suv bo‘lmaydi.

***

Ukraina AQSHdan Rossiya bilan ziddiyatda tarafini olib urushga kirishni so‘ragani yo‘q, bu yerda masala faqat xavfsizlik uchun yordam berishda, dedi Pentagon rahbari Lloyd Ostin Kongressning byudjet bo‘yicha majlisida so‘zga chiqib.

***

Amerikaning “Google” korporatsiyasi Isroil hukumati va Qurolli kuchlari bilan hamkorlikka qarshi kompaniya ofisida 10 soatlik ish tashlash e’lon qilgan 28 nafar xodimini ishdan bo‘shatdi, deb yozdi “New York Post” gazetasi kompaniya taqdim etgan ma’lumotga tayanib.

Axborotda ta’kidlanishicha, aksiya ishtirokchilari korxonadan Isroilga chegarasiz hisob-kitob va sun’iy intellekt xizmati ko‘rsatilishi nazarda tutilgan, qiymati 1,2 milliard dollarlik “Nimbus loyihasi” bo‘yicha tuzilgan shartnoma bekor qilinishini talab qilgan.

***

Yevropa Ittifoqi yetakchilari Bryusselda bo‘lib o‘tgan sammitda Eronga nisbatan cheklov chorasini kuchaytirilishiga kelishilganini ma’lum qildi.

Uchrashuv yakunida e’lon qilingan hujjatda ko‘rsatilishicha, EI EIRga qarshi qo‘llamoqchi bo‘lgan sanksiyaga uchuvchisiz uchoq va raketalar kiradi.

Avvalroq Yevroparlament rahbari Robert Metsola yetakchilarni Eronning raketa va dronlar dasturiga qarshi sanksiyani kuchaytirishga chaqirgandi.

***

Hozir AQSH tomonidan Ukrainaga ko‘rsatilayotgan moliyaviy yordam har qachongidan muhim, chunki to‘g‘ridan to‘g‘ri urush maydonidagi vaziyat bilan  bog‘liq, dedi moliya vaziri Janet Yellen.

U chorshanba kuni Bosh vazir Denis Shmigal va moliya vaziri Sergey Marchenko bilan muzokara o‘tkazib, Kiyevning ehtiyoji masalasini muhokama qilgan.

***

Dushanba kuni Meksika poytaxtida harorat 34,2 darajaga ko‘tarilib, eng yuqori ko‘rsatkich qayd etildiMilliy meteorologiya xizmati ma’lumotiga ko‘ra, bu yangi oylik va yillik rekord hisoblanadi. 1998-yil harorat 33,9 darajaga chiqqan.

***

Buyuk Britaniya parlamenti 17-aprel kuni 2009-yildan keyin tug‘ilgan yoshlarga tamaki mahsulotlari sotish taqiqlanishini qo‘llab-quvvatladi. Ushbu tashabbusni Bosh vazir Rishi Sunak ilgari surgan. Tamaki to‘g‘risidagi  qonun loyihasini 383 deputat ma’qulladi, 67 kishi rad etdi.

Endi 15 yoshga to‘lmaganlar tamaki mahsulotlarini xarid qilolmaydi. Shu yo‘l bilan Qirollik kashandalikdan xoli avlodni voyaga yetkazmoqchi.

***

Marokash qishloq xo‘jaligi vaziri Muhammad Sodiqiy fikrcha, bu yilgi kuchli qurg‘oqchilik tufayli mamlakat ekin maydonining 20 foizini yo‘qotishi mumkin. bu haqda “Anadolu” agentligi yozdi.

Mulozim ta’kidlashicha, bu yil qishloq xo‘jaligi ekin maydoni 2023-yilga nisbatan jami 31 foiz qisqaradi. Ushbu soha mamlakat yalpi ichki mahsuloti asosini tashkil etadi.

S.Rahimov, O‘zA