Yandex Go mobil ilovasi O‘zbekistonda taksiga buyurtma berish uchun yangi korporativ xizmatni yo‘lga qo‘ydi. Hozircha bu xizmatdan faqat Toshkentdagi kompaniyalar foydalanishlari mumkin, biroq keyinchalik uni  mamlakatimizning boshqa shaharlarida ham  yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Yandex Go mobil ilovasidan  ma’lum qilishlaricha,  bu firma va kompaniyalar xodimlarining korporativ tashriflarini tashkillashtirish, hamkorlar va mijozlarni olib kelish uchun buyurtma berish hamda boshqa korporativ maqsadlar uchun foydalidir.

Buning uchun kompaniya o‘z xodimini ushbu  xizmatga ulab qo‘yishi kerak bo‘ladi, shunda xodimning ilovasida «Biznes-akkaunt» to‘lov turi paydo bo‘ladi. Ishchi xodim keyingi safar mobil ilova orqali taksiga buyurtma berganda, safar uchun to‘lov  korporativ hisobdan yechib olinadi va barcha ma’lumotlar kompaniya akkauntida paydo bo‘ladi. Har bir xodim uchun mablag‘, safar vaqti va geografiyasi bo‘yicha cheklovlar o‘rnatish hamda  unga mos bo‘lgan tariflarni tanlash mumkin.

Yandex Go matbuot xizmati yangi servisdan foydalanish istagida bo‘lgan kompaniyalardan ilk arizalar kelib tushganini ma’lum qildi.

Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA