Islom hamkorlik tashkiloti axborot agentliklari ittifoqi – UNA-OIC “Sputnik” axborot agentligi bilan hamkorlikda 22-aprel kuni “Sun’iy intellekt video tasvirga olish yo‘nalishida qanday burilish yasaydi?” mavzusida virtual o‘quv kursi tashkil etadi.

IHTga a’zo davlatlar jurnalistlari uchun o‘tkaziladigan tadbirda sun’iy intellektning video mahsulot tayyorlash jarayonini o‘zgartiruvchi ta’sir imkoniyati, vizual kontent yaratishdagi kuchi va zaif tomoni o‘rganiladi. Shuningdek, jurnalistlar faoliyati samaradorligini oshirish, sun’iy idrokka asoslangan tasvir yoki ovoz sintezi texnikasi (deepfake) xatari, jarayonning media dezinformatsiyasiga ta’siri bilan bog‘liq jihatlarni o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanish imkoniyati muhokama qilinadi.

UNA-OIC mas’ullari aniqlik kiritishicha, mazkur kurs media makonida sun’iy idrok bilan bog‘liq texnologiya o‘zgarishidan xabardorlikni oshirishga qaratilgan hamkorlikdagi sa’y-harakat samaradorligini, ayni jarayondagi umumiy yo‘nalishlarni belgilab beradi.

M.Pirmatova, O‘zA