“Qurgan uy-joyimda 2006-yildan beri yashayman, kadastr hujjatim bor, lekin hokim qarori yo‘q…”

•  “Uy-joy oldim, kadastr qilingan, lekin egalik huquqi yo‘q.”

•  “Paxtachilikka mo‘ljallangan sug‘oriladigan yerda uy-joy qurganman, egalik huquqini rasmiylashtira olamanmi?”

•  “Yer uchastkam bor, uy ham qurilgan, kadastri bor. Faqat egalik huquqi ololmayapman…”

Yurtdoshlarimizdan kelgan bu kabi savollar uy-joy va yer uchastkalarini rasmiylashtira olmayotgan fuqarolarni qiynayotgan muammolardan biridir. Ma’lumotlarga ko‘ra, yer uchastkasidan uzoq yillar davomida foydalanib kelayotgan yoki yerga bo‘lgan huquqlarni rasmiylashtirish masalasi turli sabablarga ko‘ra oxiriga yetkazilmagan 3,8 milliondan ortiq 493 ming gektar yer uchastkalari mavjud. Amaldagi qonunchilikda esa ushbu muammoli yer uchastkalariga nisbatan huquqlarni e’tirof etishning huquqiy asosi va tartibi mavjud emas.

Bugungi kungacha yer uchastkalariga nisbatan huquqlarni e’tirof etish masalasida jami 5 marta aksiya e’lon qilingan. Ularda hammasi bo‘lib 1 million 338 mingta o‘zboshimcha qurilgan uy hujjatlashtirilgan. Xususan, 2018-yilda Prezidentimizning tegishli farmoniga muvofiq o‘tkazilgan bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida 621 ming nafardan ortiq fuqarolarning o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasida tegishli ruxsatnomasiz qurilgan uy-joylariga nisbatan egalik huquqi e’tirof etilib, ularga kadastr hujjatlari rasmiylashtirib berilgan edi. Shunga qaramay, yana 126 mingdan ortiq fuqarolarning ruxsatnomasiz qurilgan uy-joylariga nisbatan egalikni belgilash masalasi ochiq turibdi.

Endilikda bu kabi muammolarni hal etish bo‘yicha yana 3-yillik davlat aksiyasi kutilmoqda. Avval xabar berilganidek, (https://uza.uz/posts/572203https://uza.uz/posts/587342https://uza.uz/posts/589291) «O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida»gi qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Mazkur qonunda nazarda tutilayotgan ayrim jihatlarga to‘xtalamiz. Jumladan, yakka tartibdagi uy-joy qurilgan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi 1998-yil 1-iyulga qadar egallangan bo‘lsa, barcha hududlarda 0,24 gektardan, 1998-yil 1-iyuldan 2018-yil 1-mayga qadar egallangan bo‘lsa, Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyat markazlarida 0,06 gektardan, qolgan hududlarda 0,12 gektardan oshmaydigan hajmda rasmiylashtirib beriladi.

Yakka tartibdagi uy-joy egallagan yer uchastkasining amaldagi maydoni yuqoridagi keltirilgan hajmlardan ortiqcha bo‘lsa, yer uchastkasining ortiqcha egallangan qismiga tomorqa yoki dehqon xo‘jaligini yuritish uchun ijara huquqi e’tirof etiladi.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, hozirgi kunda ayrim fermerlar, fuqarolar tomonidan g‘allachilik, paxtachilikka mo‘ljallangan sug‘oriladigan yerlar ham o‘zboshimchalik bilan egallangan holatlar bor. Bino va inshoot, yakka tartibdagi uy-joy sug‘oriladigan yerlarda joylashgan taqdirda, huquqlarni e’tirof etish masalasi qonunchilik hujjatlariga asosan yer fondi toifasi o‘zgartirilganidan keyin ko‘rib chiqilishi ko‘zda tutilgan.

Qonunda yana bir masala — xalqimiz orasida “dacha” deb ataladigan dala hovlilarga oid muammolar ham tartibga solinmoqda. Shahar atrofidagi dala hovlilar bugungi kunda rasman “Bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlari”ga birlashgan bo‘lsada, amalda doimiy turar joylarga aylangan. Qonun bilan ushbu shirkatlardagi xonadonlarning ham qonuniy huquqlari tartibga keltirilishi bu yerda istiqomat qiluvchilarni qiynayotgan masalalarga yechim bo‘ladi.

Bir so‘z bilan aytganda, ko‘pchilik fuqarolarni qiynab kelayotgan hujjatsiz yoki egalik huquqisiz yer uchastkalari va uy-joylar masalasida yurtdoshlarimizga yana bir bor yengillik va qulaylik yaratilmoqda. Buning uchun fuqarolar o‘z vaqtida harakat qilib, qonun qabul qilingandan boshlab 2028-yil 1-yanvargacha ushbu aksiyadan foydalangan holda yer uchastkalari va uy-joylarini rasmiylashtirib olishlari lozim bo‘ladi. Mazkur tashabbus mamlakatimizda inson qadri ulug‘lanayotgani, fuqarolarning muammolari ularning foydasiga hal etilayotganidan dalolat beradi.

 

Muhtarama Komilova,

O‘zA