Bangladesh davlatining mamlakatimizdagi elchixonasi tashabbusi bilan “Birinchi Baysak” (Pahela Boishakh) nomi bilan mashxur bengal taqvimi bo‘yicha Yangi yil nishonlandi. Bayramga Toshkentdagi elchi va diplomatlar, hukumatimiz vakillari, biznes, akademik doira, turizm, madaniyat va ommaviy axborot vositalari xodimlari, shuningdek Toshkentda istiqomat qilayotgan Bangladesh diasporasi vakillari tashrif buyurdi.

Bangladeshning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Doktor Muhammad Monirul Islom mehmonlarni an’anaviy bengal tilida qutlab, “Pahela Boshak” yirik festival, mamlakat madaniy merosining ajralmas qismi ekanini ta’kidladi.

– Mazkur anjuman Bangladeshning dunyoviy sinkretik va inklyuziv madaniyatini aks ettiradi, – dedi u. – Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ta’lim fan va madaniyat tashkiloti (UNESCO) “Mo‘g‘ul Shovajatrasi”ni intensiv madaniy meros namunasi sifatida tan oldi. Shu bois, endi “Pahela Boyshak” faqat bengal xalqiga daxldor sana emas, balki global bayramga aylandi.

An’anaga ko‘ra, shu kuni maxsus taomlar tayyorlanib, musiqa yangradi, mehmonlar “Mo‘g‘ul Shovajatrasi” ramziy korteji bilan kutib olindi.

Tadbirda Bangladesh – O‘zbekiston munosabatini yanada mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakat izchil davom ettirilayotgani ta’kidlanib, ikki xalq mushtarakligi, ayniqsa madaniyat, san’at sohalaridagi aloqalar jadal rivojlanayotgani qayd etildi.

– O‘zaro munosabatimizga yangi sur’at, jo‘shqinlik ruhi qo‘shilmoqda, – dedi elchi. – Davlatlarimiz barqaror iqtisodiy o‘sish sur’atini namoyon etmoqda, maqsadlarimiz uyg‘un, hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyat mavjud.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “Pahela Boyshak” o‘zaro mehr, hurmat, bag‘rikenglik va hamjihatlikni, insoniyatning do‘stlik, birdamlik bilan bog‘liq xususiyatini targ‘ib qiladi. Bu urush, zo‘ravonlik, nafrat, quvg‘in, zulm kabi muammolar urchiyotgan zamonda juda dolzarb va ahamiyatli.

Muharrama Pirmatova,

Nosirjon Haydarov (surat),

O‘zA