FOTOREPORTAJ

Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi tomonidan “O‘zgarish davridagi energetika – kelajak turtkisi” interaktiv sayyor ko‘rgazmasi ochildi.

Shu munosabat bilan Toshkent shahridagi Adju universitetida tashkil etilgan marosimda Germaniyaning mamlakatimizdagi elchixonasi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasi energetika vazirligi mutasaddilari, universitet professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda barqaror energiya tizimini rivojlantirish, energetika transformatsiyasi, jahonda hamda mamlakatimizda “yashil” energetikaga o‘tish yo‘lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar xususida so‘z yuritildi.

“Yashil” energetika – qazilma yoqilg‘i sarfisiz, atmosferaga CO va CO2 gazlari chiqarmaydigan va natijada atrof-muhit ekologiyasiga ziyon yetkazmagan holda energiya ta’minotini amalga oshiradigan tuzilmadir. Bunda iste’mol talabi imkon qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari – quyosh va shamol energetikasi hamda boshqa muqobil energiya manbalari evaziga qoplanishi maqsad qilingan.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda “yashil” energetika bo‘yicha ulkan salohiyat mavjud. Yurtimizda muqobil energetikani rivojlantirish borasida esa Germaniya davlati bilan hamkorlikda qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Chunonchi, “yashil” energetika konsepsiyasini amaliyotga joriy etishda Germaniya jahonda yetakchi davlatlardan hisoblanadi.

Bugun ochilgan interaktiv sayyor ko‘rgazma yaqin kelajakda butun dunyo bo‘ylab amalga oshirilishi kutilayotgan barqaror va “yashil” energiya yechimlarini taqdim etishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, ko‘rgazma energetika sohasidagi global o‘tish jarayonining ahamiyati va jamiyatga ta’siri haqida kishilarga keng tushuncha beradi.

Ko‘rgazma materiallarida “yashil” energiya manbalari va energiyani saqlashga qaratilgan ilg‘or tadqiqotlardan tortib, bu borada har bir qit’ada, har bir mamlakatda mavjud imkoniyat va masala yechimi aks ettirilgan.

Xavfsiz, qulay, kafolatlangan va barqaror energiya ta’minoti masalasi bugunning ustuvor mavzularidan ekan, bunday ko‘rgazmalarning tashkil etilishi, maqsadga muvofiq.

Interaktiv ko‘rgazma 8-mayga qadar davom etadi.

Kamola YUSUPOVA, Rustam NAZARMATOV (surat), O‘zA