Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida

“Turkmenistaninfo” nashri O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va ushbu qardosh davlat Vazirlar Mahkamasi Raisi o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov uchrashuviini yoritdi.

Maqola muallifi Toshkent shahrida ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuv bo‘lib o‘tganiga, tadbir chog‘ida hamkorlikning bugungi holati va istiqboli, jumladan avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, shuningdek siyosiy munosabatni kengaytirish va amaliy jihatdan boyitish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilinganiga urg‘u bergan.

Turkmaniston – O‘zbekiston munosabatini uzluksiz rivojlantirishda parlament diplomatiyasining muhim o‘rni e’tirof etilib, an’anaviy parlament aloqalarini yanada faollashtirish bo‘yicha umumiy fikr almashilgani ta’kidlangan.

Tomonlar xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, xususan BMT va tuzilmaning ta’sis organlari doirasidagi hamkorlikning ijobiy tajribasini ifodalab, mintaqa va jahonda barqarorlik, iqtisodiy taraqqiyot va xavfsizlikni ta’minlashning samarali ko‘p tomonlama usullarini izlashga o‘zaro intilishni tasdiqlagan.

Hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilib, sheriklikda faoliyat yuritish uchun keng imkoniyat mavjudligi e’tirof qilingan. Ayniqsa, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning ahamiyati qayd etilgan. Transport-logistika, energetika, kimyo va sanoat tarmoqlari hamda axborot xavfsizligi sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari ham muhokama qilindi.
Madaniy-gumanitar sohadagi qamkorlik holati alohida muhokama qilingan. Sharqning buyuk shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300-yilligi munosabati bilan Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasida qo‘shma tadbirlar o‘tkazilishi ta’kidlangan.

Muharrama Pirmatova,

O‘zA