Bugun Toshkent shahridagi «O‘zekspomarkaz» markaziy ko‘rgazmalar majmuida «Sog‘liqni saqlash – TIHE 2024» 28-xalqaro ko‘rgazmasining ikkinchi kungi tadbirlari o‘tkazildi.

“Premium Technics” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham ushbu ko‘rgazmaning doimiy ishtirokchisi. Korxonaning savdo menejeri Bekzod Aliyevning so‘ziga ko‘ra, bugungi kunda jamiyat o‘z imkoniyatini kengaytirishga harakat qilmoqda.

– Korxonamiz 2010-yilning aprel oyidan rasman o‘z faoliyati boshlagan. U O‘zbekiston Respublikasi korxonalar reestrida ro‘yxatga olingan. Korxonamiz bir necha yillardan buyon O‘zbekiston Respublikasida tibbiy asbob-uskunalar va asbob-uskunalar sotuvchi yirik kompaniyalardan biri bo‘lib kelmoqda.

O‘tgan 14-yil davomida biz bozorning 50 foizdan ortig‘ini qamrab oldik, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki kompaniyamiz faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari – tibbiy yordam sifati va samaradorligini oshirish, sheriklar bilan uzoq muddatli munosabatlarga e’tibor qaratish, axborotning shaffofligi va eng yaxshi tanlovni topishdir.

Kompaniyamiz professional ko‘rgazmalar va ilmiy-amaliy konferensiyalarning muntazam qatnashuvchisi hisoblanadi. Shuningdek, mahalliy bozorni tibbiy texnologiya va asbob-uskunalar sohasidagi yutuqlar bilan tanishtirish maqsadida korxonamiz tomonidan anjumanlar, seminarlar va treninglar tashkil etiladi. Mijozlar bazasi butun mamlakat hududini qamrab oladi. Tibbiy asbob-uskunalar bozorining doimiy tahlili va eng yangi tibbiy texnologiyalar tufayli biz mijozlarimizga zamonaviy va ishonchli mahsulotlarni taklif etamiz. Bundan tashqari, barcha mahsulotlar sertifikatlarga ega va texnik hujjatlar bilan birga keladi. Bu esa yanada ishonchli kafolatdir.

Bugungi kunda biz Xitoyning 15 ta ishlab chiqaruvchi kompaniyasi bilan hamkorlik qilamiz. Ular ishlab chiqargan tibbiy uskunalarni taklif etamiz. Ta’kidlaganimdek, «Sog‘liqni saqlash – TIHE 2024» 28-xalqaro ko‘rgazmasida qatnashish bizga har tomonlama foydali. Negaki, ko‘rgazmada 20 davlatning 300 dan ziyod ishlab chiqaruvchisi o‘z mahsulotini havola etayapti. Ular orasida O‘zbekiston, Belarus Respublikasi, Germaniya, Daniya, Italiya, Qozog‘iston kabi mamlakat vakillari bor. Ekspozitsiya esa keng qamrovli bo‘lib, unda eng «so‘nggi avlod» tibbiy texnologiyalari bilan tanishish imkoniyati yaratilgan.

Kelgusi rejalarimiz yanada ulkan. Bizning galdagi vazifamiz Yevropa davlatlaridagi tibbiy uskunalar ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlik o‘rnatishdir, – dedi B.Aliyev.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA