Rossiya va Qozog‘iston hududidagi suv toshqinidan xabaringiz bor. Afsuski, ushbu ofat ko‘lami borgan sari kengaymoqda. Kutilmaganda, dunyoning yana bir megapolisi – Dubay ham oxirgi sutkalarda o‘ta kuchli yomg‘irga duch keldi.

Shaharda yog‘gan yog‘in miqdori bir yillik ko‘rsatgichga yetgan. Hokimiyat davlat xizmatchilarini uydan ishlashga chaqirdi. Metro qatnovida uzilish kuzatilib, maktablar onlayn ish tartibiga o‘tkazildi. Kecha toshqin sabab dunyoning eng gavjum qo‘nalg‘alaridan biri – Dubay xalqaro aeroporti ham o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Suv shu darajada ko‘p toshganki, samolyotlar suv ustidagi ulkan qayiqlarni eslatadi. Ma’muriyat tez-tez uchib ketish yoki qo‘nish kechikishidan ogohlantirmoqda.

Qozog‘iston hamon seldan aziyat chekmoqda. Davlat rahbari Shimoliy Qozog‘iston viloyatining tabiat injiqligidan jabr ko‘rgan aholisi bilan uchrashdi. Yoz mobaynida uylar qurilib, qishgacha turar joyiga muhtoj aholi ko‘chib kelishi, har qanday moddiy zarar qoplanishi aytilgan. Shuningdek, Toqayev byudjet mablag‘ini tejash, yirik tadbirlarni o‘tkazishdan voz kechish haqida ko‘rsatma bergan.

Toshqin barcha omborlarni to‘ldirdi. Hatto, qurg‘oqchil hududlarga ham suv yetib bordi. Bu qishloq xo‘jaligi va ichimlik suvi ta’minoti uchun muhim ahamiyatga ega. Mamlakat Suv xo‘jaligi vazirligi ilk bor Ulitovdagi “Kengir” ombori suvi daryo orqali Qizilo‘rda viloyati ko‘llariga yetib kelganini ma’lum qildi. Ostonadagi suv ombori 99 foiz to‘ldi. Avvallari bu zaxira obyekti kanal orqali to‘ldirilgan.

Suv bosgan hududlarda hayvonlar qutqarilyapti.

Rossiyada ham vaziyat hamon og‘ir. Kurgan shahri atrofidagi Tobol daryosida suv sathi xavfli darajadan ko‘tarilib ketdi. Shahardagi 4 mingdan ortiq turar joyi va hovli suv ostida qolgan. Aholi har ikki soatda toshqin xavfidan ogohlantirilmoqda.

Sardorbek Poyonov, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA.