Turkmanistonda Ashxobod – Turkmenobod tez yurar avtomobil magistralining ikkinchi qismi ochildi. Mamlakat markazini sharqiy hudud bilan, Tejen va Mari shaharlarini bog‘laydigan bu yo‘lning uzunligi 109 kilometr. Ashxoboddan Tejengacha cho‘zilgan 203 kilometrli birinchi qism 2021-yil oktyabrda foydalanishga topshirilgan.

***

Gruziya parlamenti Tbilisida ommaviy norozilik keltirib chiqargan xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishdayoq ma’qulladi. Jarayon parlament saytida to‘g‘ridan to‘g‘ri namoyish qilib borildi. Hujjatni 83 deputat ma’qulladi, hech kim qarshi ovoz bermadi. Ovoz berish muxolifat ishtirokisiz bo‘lib o‘tgan.

Parlament binosi qarshisida uch kundan buyon norozilik aksiyasi to‘xtamayapti.

***

Yaponiya hukumati yozda Markaziy Osiyoning besh  mamlakati – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan sammit o‘tkazishga tayyorlanmoqda, deb xabar tarqatdi “Kyodo” agentligi.

Hozir uchrashuvni avgust oyida Qozog‘istonda tashkil etish masalasi muhokama qilinyapti, aniq jadval keyinroq tasdiqlanadi. Yig‘inda kun chiqar mamlakat Bosh vaziri Fumio Kisida ishtirok etadi va birinchi navbatda iqtisodiy hamkorlikka e’tibor qaratiladi.

***

Jeneva konferensiyasida donor davlatlar qurg‘oqchilik va suv toshqini bilan bog‘liq inqirozdan aziyat chekayotgan Efiopiyaga 630 million dollar ajratishni va’da qildi.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, ayni payt mamlakatning 15,5 million aholisi gumanitar yordamga muhtoj.

***

Kreml Qorabog‘dan Rossiya harbiy kontingenti to‘liq olib chiqib ketilganini tasdiqladi. RF Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiyaning muayyan harbiy kuchi Qorabog‘ni tark etayotgani haqida tarqalgan xabarlarga izoh berar ekan, jurnalistlarga “Ha, xuddi shunday”, – deb javob bergan.

***

Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili, agar xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun loyihasi birinchi o‘qishdayoq qabul qilinsa, hujjatga qarshi veto qo‘yishini aytdi.

– Men xuddi Yevropa Ittifoqi strategiyasi va tavsiyasiga zid boshqa qonunlar kabi ushbu qonunga ham veto qo‘yaman, – dedi u “Bi-bi-si” muxbiriga.

***

Turkiya TIV rahbari o‘rinbosari Burak Oqchopar va AQSH Davlat kotibi o‘rinbosari Bass uchrashuvida Prezident Erdog‘anning Vashingtonga 9-10-may kunlari mo‘ljallangan tashrifi bilan bog‘liq tayyorgarlik jarayoni kelishib olindi.

Oqchopar AQSHga Turkiyaning Rossiya – Ukraina urushini to‘xtatish bo‘yicha qarashini ham taqdim etdi, deyiladi “Anadolu” xabarida.

***

Qirg‘izistonda “TikTok” ijtimoiy tarmog‘i yopiladigan bo‘ldi. Raqamlashtirishni rivojlantirish vazirligi Aloqa sohasini muvofiqlashtirish va nazorat qilish xizmati mamlakat internet-provayderlariga mazkur tarmoqqa ulanishni cheklash so‘ralgan maktub yo‘llagan. Ta’kidlanishicha, Davlat Milliy xavfsizlik qo‘mitasi “TikTok”ning Qirg‘iziston segmenti kontenti saralanishini ta’kidlab, ayniqsa “bolalar axborot kengligida” bu borada tizimli yondashuv yo‘qligiga e’tibor qaratgan.

***

Ozarbayjon Ukrainaning Irpin shahrida to‘rtta yirik obyektni qayta tiklashga moliya kiritadi. Davlatga qarashli “SOCAR” neft kompaniyasi Irpindagi shahar poliklinikasini ta’mirlashni zimmasiga oldi, dedi shahar meri Markushin.

***

“Xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Gruziyaning Yevropa Ittifoqiga intilishiga mos  emas. Yevropa Kengashi raisi Sharl Mishel ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida shu mazmunda so‘z yuritib, mazkur hujjat qabul qilinishi Tbilisini Yevroittifoqdan uzoqlashtiradi, dedi.

***

Britaniyaning “British Petroleum” kompaniyasi Ozarbayjonda yangi “Azeri Central East” (ACE) dengiz platformasida neft qazib olishga kirishdi. Kondan foydalanish davomida kompaniya 300 million barrel qora oltin oladi, deyilgan kompaniya saytida tarqatilgan xabarda.

S.Rahimov, O‘zA