Joriy yil mart oyi o‘rtalari va aprel oyi boshlarida yurtimiz delegatsiyasining Afg‘onistonga xizmat safari amalga oshirildi.

Natijada O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Afg‘oniston Qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va chorvachilik vazirligi bilan bir qator kelishuvlarga erishildi. Xususan, Afg‘oniston hududi  tuproq-iqlim sharoitida qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekib, sinab ko‘rish maqsadida Termiz shahridagi «Ayritom» xalqaro chegara o‘tkazish punkti, «Hayraton – Mozori Sharif» temir yo‘li orqali 15 turdagi ekinlarning 35 xildagi seleksiya navlaridan iborat 2,7 tonna urug‘lik tuhfa qilindi, deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotida.

Mazkur urug‘lik, Afg‘oniston Qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va chorvachilik vazirligi Ilmiy tadqiqotlar bosh boshqarmasi boshlig‘i doktor Muhammad Rafi Bavari tomonidan qabul qilib olingan. Aytish joizki, Afg‘oniston qishloq xo‘jaligi sohasi ancha ortda qolgan bo‘lib, buni birgina chigit ekish ishlarining qo‘lda bajarilayotgani misolida ham ko‘rish mumkin.

Ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston va Afg‘oniston tarixida ilk bor kuzatilayotgan bunday hamkorlikdan ko‘zlangan maqsad yurtimizda yaratilgan navlar agrotexnologiyasini qo‘shni xalq vakillariga o‘rgatishdir.

A.RUSTAMOV, O‘zA