Keyingi yillarda mamlakatimiz sud-huquq tizimida inson huquqlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, ijtimoiy-siyosiy faolligini mustahkamlash borasidagi izchil sa’y-harakatlar alohida e’tiborga loyiq.

Bu haqda fikr yuritganda, jumladan, Prezident tomonidan 2023-yil 11-aprelda imzolangan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun bu boradagi islohotlarni yangi bosqichga ko‘targanini ta’kidlash lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra 2024-yilning  birinchi choragida MJtKning 59-2-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan

• 4 ming 343 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilib, ularning

• 2 ming 344 nafariga jarima jazosi,

• 1 ming 999 nafariga esa ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan.

Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan

• 134 nafar shaxs sudlanib, ularning

• 51 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi,

• 83 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.

Jinoyat kodeksining 141-3-moddasi (shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish) bilan

• 40 nafar shaxs sudlanib, ularning

• 13 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi,

• 27 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.

M.Turdaliyeva, U.To‘xtayev (O‘zA)