O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni qurish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Mamlakatimizda xalqaro talab va standartlarga javob beradigan sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni qurish, qishloq avtomobil yo‘llari tarmog‘ini rivojlantirish hamda qishloq hududlarida yashaydigan aholining umumiy avtomobil yo‘llariga chiqish sharoitlarini yaxshilash maqsadidaOsiyo taraqqiyot banki direktorlar kengashi tomonidan 2023-yil 11-dekabrda “Sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni qurish” loyihasini amalga oshirish uchun 240,0 mln AQSH dollari miqdoridagi qarz mablag‘lari 5-yillik imtiyozli davr bilan 25-yil muddatga ajratilgan.

Mazkur loyiha bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi va OTB o‘rtasida 2023-yil 29-dekabrda qarz bitimi imzolangan.

Loyiha muhandislik boshqarish va texnik nazorat qilish ishlari Xalqaro muhandislar-konsultantlar federatsiyasi (FIDIC) amaliyoti va hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Qurilish ishlari yakunlanib, obyektlar foydalanishga qabul qilingandan so‘ng bosh pudratchi tomonidan 5-yil davomida kafolatli soz holatda saqlash va ekspluatatsiya qilish ishlari amalga oshiriladi.

Loyihada OTBning ulushi 240,0 mln AQSH dollarini, O‘zbekiston Respublikasining ulushi 64,9 mln AQSH dollari, shu jumladan bojxona bojlaridan ozod etish ko‘rinishida 28,4 mln AQSH dollari miqdoridagi mablag‘larni tashkil etadi.

Loyihani amalga oshirish muddati 9-yil (2024-2032-yillar), shu jumladan qurilish ishlari 4-yil (2024-2027-yillar) hamda saqlash va ekspluatatsiya qilish ishlari 5-yil (2028-2032-yillar) etib belgilangan.

Qaror bilan Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni qurish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari;

Osiyo taraqqiyot banki tomonidan ajratiladigan qarzni qaytarish hamda foiz to‘lovlarini amalga oshirishning prognoz jadvali;

Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni qurish” loyihasi doirasida hududlar kesimida amalga oshiriladigan qurilish ishlari quvvati tasdiqlandi.

Loyiha doirasida sement-beton qoplamaga o‘tkaziladigan avtomobil yo‘llarining yo‘l bo‘yi mintaqalarida iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda 2,5 million dona manzarali daraxt va terak ko‘chatlari ekiladi.

 

O‘zA