“O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 227-1-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun davlatimiz rahbarining 2023-yil 18-avgust kuni tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqoti doirasida, ular tomonidan bildirilgan takliflar asosida ishlab chiqilgan.

Qonun bilan 2024-yil 26-fevraldagi “Soliqqa oid ayrim huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini maqbullashtirish to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga muvofiq tadbirkorlarga nisbatan qo‘llanilayotgan moliyaviy jarimalarni keskin qisqartirish belgilanmoqda.

Qonun bilan fiskal huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun qo‘llaniladigan moliyaviy sanksiyalar miqdorlari kamaytirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Mazkur huquqbuzarliklar birinchi marta sodir etilganda – jarima miqdori oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 2 foizini, huquqbuzarlik takroran sodir etilganda – uning 20 foizini tashkil etishi belgilanmoqda.

Bu Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi majlisida qayd etildi.

Senatorlarning ta’kidlashicha, soliq to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik yanada maqbullashtirilishi tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoit yaratib, ularning faoliyati rivojlanishiga zamin yaratadi.

Majlisda “Davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ham muhokama qilindi.

Mazkur qonun mamlakatimizda davlat mulkini tadbirkorlik subyektlariga va boshqa shaxslarga ijaraga berishning qonuniyligini ta’minlashga qaratilgan. Qonun bilan davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik  belgilanmoqda.

Qonunning qabul qilinishi davlat mulkidan samarali foydalanilishini, ijaraga oluvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.

“Yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga qo‘yish tartibi belgilanayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Unda yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kasaba uyushmalarining bo‘linmalari va boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlarini adliya organlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qoidalarini mustahkamlash, shuningdek, ularning majburiyatlari yuzasidan tegishli kasaba uyushmasining javobgarligini oshirish nazarda tutilgan.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA