O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasida ushbu mamlakatda yashayotgan vatandoshlar o‘rtasida «Zakovat» intellektual o‘yini o‘tkazildi.

Elchixona tashabbusi bilan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, «Zakovat intellektual klubi» nodavlat notijorat tashkiloti, O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Germaniyadagi vakolatxonasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida Yevropa Ittifoqi davlatlari orasida ilk bor Germaniyada tashkil etilgan ushbu Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tadbirda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbir ochilishida so‘z olgan mamlakatimiz elchisi Dilshod Ahatov xorijiy davlatlar oliygohlarida tahsil olayotgan vatandoshlar o‘rtasida tashkil etilayotgan sport, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, xususan, «Zakovat» intellektual o‘yini kabi musobaqalar hamyurtlarimizni yanada jipslashtirish hamda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlarda faol ishtirokini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Murosasiz kechgan intellektual bellashuvda GFRning turli federal o‘lkalaridan kelgan 18 ta jamoa qatnashdi. Qizg‘in bahs-munozaralar, mantiqiy savollarga boy o‘tgan turnirda guruhlar saralanib, sovrindorlar aniqlandi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rin «Vestfalia» jamoasiga nasib etdi. Ularga ona yurtga – O‘zbekistonga bir hafta muddatga sayohat tur paketi taqdim etildi.

«Gauss» jamoasi 2-o‘rinni, «Turkiston» jamoasi esa 3- o‘rinni egalladi.

Tadbir yakunida g‘oliblar va o‘yinda faol ishtirok etgan 15 ta jamoaga esdalik sovg‘alar ulashildi. O‘zbekistondan kelgan san’atkorlar guruhining chiqishlari tadbirga yanada zavq bag‘ishladi.

 

 N.Ziyodulllayeva, O‘zA