Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda sport kurashlari bo‘yicha poyoniga yetgan Osiyo chempionatida mamlakatimiz sportchilari 2 ta kumush va 5 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

“Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarining reyting musobaqasiga tayyorgarlik vazifasini o‘tagan qit’a chempionatida erkin kurashchilarimizdan Javrail Shapiyev -86 kilogrammda, Sherzod Poyonov -92 kilo og‘irlikda kumush medallarga ega chiqdi. Yana bir erkin kurashchimiz Asomiddin Hasanov, yunon-rum kurashi ustalaridan Abdullo Aliyev, Doniyorxon Nabikov, Muhammadqodir Rasulov va Rahimjon Uzoqov o‘z vazn toifalarida bronza medali sohiblariga aylandi.

Eslatib o‘tamiz, endi mamlakatimiz sport kurashchilari 19-21-aprel kunlari Bishkekda o‘tadigan “Parij-2024” olimpiadasi uchun litsenzion turnir maqomidagi musobaqada Vatanimiz sharafini himoya qiladi.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA