Harbiy prokuratura organlari tomonidan 2024-yilning birinchi choragida harbiy xizmatchilarining huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish, yoshlarni vatanparvarlik va qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasida qanday ishlar amalga oshirildi?

Bu savolga O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi axborot xizmati rahbari Sherzod Hayitov javob berdi:

– Harbiy prokuratura organlari tomonidan 2024-yil birinchi choragida harbiy xizmatchilarning huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish borasida Qurolli kuchlar tomonidan vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda to‘rt mingdan ziyod qonunchilik targ‘iboti tadbirlari o‘tkazildi.

Konstitutsiya mohiyati va ahamiyati hamda huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishga doir 60 dan ziyod dolzarb mavzularda huquqiy targ‘ibot va profilaktika tadbirlarida foydalanish uchun ikkita elektron to‘plam ishlab chiqildi.

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida «Prokurorlik soati», «Harbiy qismda bir kun», «Ochiq eshiklar kuni», «Harbiy prokuror va yoshlar uchrashuvi», «Uch avlod uchrashuvi» kabi qator tadbirlar doirasida o‘quvchilar va yoshlarning harbiy qism, muassasa va poligonlarga tashriflari tashkil etilmoqda.

Harbiy prokuraturaga biriktirilgan olis hududlardagi 515 ta umumta’lim maktabida, shuningdek, harbiy akademik litseylarda o‘quvchilar ishtirokida hamda harbiy ta’lim muassasalarida kursantlar bilan 500 dan ortiq «Prokurorlik soati» tashkil etilib, qariyb 20 ming nafar o‘quvchi-yoshlar qamrab olindi.

Chegaraoldi hududlardagi mahallalarda Qurolli kuchlar vazirlik va idoralari bilan hamkorlikda yoshlar ishtirokida keng miqyosda vatanparvarlik tadbirlari o‘tkazib kelmoqda.

Bu borada 412 ta chegaraoldi mahalla yoshlari bilan vatanparvarlik tadbiri o‘tkazildi va ularda yuz mingdan ziyod yoshlar qamrab olindi. Bu boradagi faoliyatda ommaviy sport musobaqalari va boshqa tanlovlarni o‘tkazishga e’tibor qaratilmoqda.

Misol uchun, mart oyida Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanining chegaraoldi hududlarida yashovchi yoshlar o‘rtasida «O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurori kubogi uchun» mini futbol musobaqasi o‘tkazildi. Unda tumanning 72 ta mahallasidan ishtirok etgan yoshlar o‘zaro bellashdi va g‘oliblar munosib taqdirlandi.

Qizlarni vatanparvarlik ruhida kamolga yetkazish maqsadida Harbiy prokuratura tomonidan olis hududlardagi maktablarda «Men – vatanparvarman!» loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Buxoro, Navoiy, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida yakunlangan ushbu tadbirlar hozirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida davom etmoqda.

Harbiy prokuratura va hududlardagi kasb-hunar maktablari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi. Shu asosda o‘quvchilar bilan vatanparvarlik va huquqiy savodxonlik kabi qator yo‘nalishlarda amaliy ishlar olib borilmoqda.

Joylarda hududiy harbiy prokuraturalarga 2-sektor hududidan biriktirilgan mahallalarda «mahalla yettiligi» bilan hamkorlikda alohida e’tiborga muhtoj yoshlar bilan manzilli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda yoshlarning muammolarini o‘rganish hamda hal qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ta’kidlash joizki, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ijtimoiy himoyasini ta’minlash yo‘nalishidagi faoliyat ham izchil davom ettirilmoqda. Xususan, Harbiy prokuratura binosida harbiy xizmatchilarga ularning soliq qonunchiligidagi imtiyozlari doirasida tegishli hujjatlarni elektron platformaga bepul joylashtirishda amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Natijada hozirgi kunga qadar 200 dan ortiq harbiy xizmatchiga 700 million so‘mga yaqin soliq ushlanmalari qaytarilishida ko‘maklashildi.

Harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari va pensionerlar muammolarini o‘rganib, hal etish uchun Qurolli kuchlar vazirlik va idoralari bilan hamkorlikda 60 ta sayyor qabul o‘tkazdi. Ularda 819 murojaatdan 133 tasi qanoatlantirildi, 518 tasiga tushuntirish berildi, 168 tasi nazoratga olingan holda tegishli idoralarga yuborildi.

Olis hududda yashovchi harbiy xizmatchilarning oila a’zolarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlari ham izchil davom etmoqda.

Prezidentimizning 2022-yil 23-dekabrdagi tegishli farmoni ijrosi doirasida harbiy prokuratura tomonidan «Qurolli kuchlarda ijtimoiy himoya» elektron platformasi ishga tushirildi. Hozirda platforma ipoteka krediti, rag‘batlantirish va intizomiy jazo, ijara kompensatsiyasi yo‘nalishlari bo‘yicha harbiy tuzilmalararo test rejimida ishlamoqda.

Harbiy prokuratura organlari tomonidan bu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettiriladi.

 

N.Abduraimova, O‘zA