O‘zbekiston va Koreya davlatlari o‘rtasida ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan hamkorlik o‘z samarasini bermoqda.

Bugungi kunda yurtimizning 5 ta oliy ta’lim muassasasi Koreyaning 7 ta universiteti bilan yaqindan hamkorlik qilib, bakalavriat va magistratura yo‘nalishlarida qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yilgan.

Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Koreya Respublikasining Chunchongbuk-do provinsiyasi gubernatori Kim Yong Xvan boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Gubernator Kim Yong Xvan O‘zbekistonning inson resurslariga boy mamlakat ekanini e’tirof etar ekan, mazkur resurslardan oqilona foydalanish, sifatli mutaxassislar yetishtirish bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan takliflarini berdi. Uning ta’kidlashicha, Chunchongbuk-do provinsiyasida 20 ga yaqin universitet faoliyat yuritadi. Hududda sanoat ishlab chiqarish rivojlangan. Shunga muvofiq, bugungi kunda elektr avtomobillari uchun batareyalar, quyosh panellari va modullari, yarim o‘tkazgichlar, biofarmatsevtika hamda kosmetika vositalari ishlab chiqaruvchi ko‘plab kompaniyalarga muhandis-kadrlar tayyorlash muhim ahamiyatga ega.

Qo‘ng‘irotboy Sharipov hududlararo aloqalarni kuchaytirishga qaratilgan bunday yangi tashabbuslarni joriy etish vaqti kelganini ta’kidladi.

Kim Yong Xvan o‘zi boshqarayotgan provinsiyada o‘zbekistonlik talabalarni grant asosida o‘qitish va bu davrda turar joy hamda qo‘shimcha ish bilan ta’minlash dasturini joriy etish taklifini berdi. Koreya delegatsiyasi a’zolaridan biri Jungwon universiteti rektori Hvang Yun Von o‘zi boshqarayotgan oliy ta’lim muassasasidagi talabalar turar joyida 2000 ta bo‘sh o‘rin borligi hamda o‘zbekistonlik talabalar va doktorantlarni qabul qilishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Talaba va doktorantlarning mazkur dasturda ishtirok etishi uchun ular ingliz yoki koreys tillarini bilishi, akademik o‘zlashtirishi va xulqi qoniqarli bo‘lishi talab etiladi.

Uchrashuvda tomonlar talabalarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalar olishi uchun sharoit yaratish ikki davlat iqtisodiyoti hamda ta’limi rivojida yanada ahamiyatli ekanini qayd etishdi.

 

A.RUSTAMOV,

O‘zA