Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Eron Islom Respublikasi yetakchisi Ibrohim Raisiy bilan muloqot o‘tkazib, uni Isroil bilan kechayotgan taranglik asnosida bosiqlik ko‘rsatishga chaqirdi. RF rahbari Eronning uchuvchisiz raketa va dron orqali hujumidan keyin Isroil hafta oxirida javob qaytarish chorasini ko‘rishi mumkinligini ta’kidlagan. Shuningdek, tomonlarni Yaqin Sharq uchun halokatli oqibatga olib keladigan yangi qarama-qarshi harakatlardan tiyilishga chaqirgan.
Putin Eron hujumiga oid izohida Isroil – Falastin mojarosi davom etayotgani Yaqin Sharqdagi hozirgi beqarorlikning asosiy sababi ekanini qayd etdi.
Raisiy esa Eronning amaliyoti majburiy va cheklangan xususiyatga egaligi, Tehron keskinlikni kuchaytirishdan manfaatdor emasligini bildirgan. U ba’zi davlatlarning buzg‘unchi pozitsiyasi Eronni shunga majbur qilganini aytib, Tehron manfaatiga qarshi har qanday harakat keng ko‘lamli javobni taqozo qilishiga urg‘u bergan.