Ma’lumki, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga tabiatni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ularni qayta tiklash, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish va iqlim o‘zgarishi sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, atmosfera havosi, yer, yer osti boyliklari, suv, o‘rmonlar, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishda davlat ekologik nazoratini yuritish kabi vazifalar yuklatilgan.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi tadbirkorlar uyushmasi raisi Lyu Yu boshchiligidagi tadbirkorlar va biznes vakillaridan iborat delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda A. Abduhakimov O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar har tomonlama yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ta’kidladi.

– Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga davlat tashrifi chog‘ida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim nafaqat munosabatlarning huquqiy asoslarini mustahkamlaydi, balki o‘zaro hamkorlikni kengaytirish uchun ham yangi imkoniyat eshiklarini ochadi deydi A. Abduhakimov.

Shuningdek, A. Abduhakimov O‘zbekiston ekologik toza “yashil” texnologiyalarni o‘rganish va joriy etishda Xitoydan investitsiyalarni jalb qilish, qattiq maishiy chiqindilar, elektron chiqindilar  (e-waste) bilan ishlash “waste-to-energy” tamoyili yuzasidan chiqindi gazidan energiya ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikdan manfaatdor ekanligini qayd etdi.

Muloqot jarayonida xitoylik tadbirkorlar O‘zbekiston bilan hamkorlikda faoliyat olib borish, jumladan, tegishli loyihalarni amalga oshirish va oqava suvlarni tozalash uskunalarini ishlab chiqarish, shovqinni kamaytirishni talab qiluvchi muhandislik inshootlarini ta’mirlash, temir yo‘l transporti, energetika, sanoat, neft-gaz va boshqa sohalarida hamkorlik qilish bo‘yicha o‘z rejalari bilan o‘rtoqlashdi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA