O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti hamda Belarus Respublikasi Milliy Majlisi huzuridagi Yoshlar parlamenti o‘rtasida videokonferensaloqa shaklidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida ikkala parlamentning yosh a’zolari har bir davlatda yoshlarning huquqiy va siyosiy madaniyatini shakllantirishga qaratilgan faoliyati va loyihalari yuzasidan fikr almashdi.

Xususan, Yoshlar parlamenti tomonidan jamoatchilik monitoringini olib borish maqsadida 10 ga yaqin vazirliklar bilan ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etilgani va hamkorlikda amaliy loyihalarni yo‘lga qo‘yishga kelishilayotgani, “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida Yoshlar parlamenti bog‘lari tashkil qilinayotgani hamda O‘zbekistonda yoshlarning ijtimoiy tarmoqlardan xavfsiz va samarali foydalanishi yuzasidan amaliy choralar ko‘rilayotgani to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

Uchrashuvda tomonlar 2024-2025-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik Memorandumini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni imzoladi.

Mazkur “Yo‘l xaritasi”da O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi yoshlar siyosatining dolzarb masalalari bo‘yicha davra suhbatlari, mazkur davlatlarda tahsil olayotgan va ishlayotgan yoshlar bilan yuzma-yuz yoki onlayn uchrashuvlar hamda yoshlarga manfaatli bo‘lgan boshqa tadbirlarni o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, 2023-yil sentyabr oyida O‘zbekiston va Belarus Yoshlar parlamentlari o‘rtasida hamkorlik Memorandumi imzolangan.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli sohalarda samarali hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan aloqalarni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA