Nukus shahridagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazida ta’lim muassasalari pedagoglari ishtirokidagi attestatsiya sinovlari bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur attestatsiya sinovlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, joriy yilning aprel-may oylarida o‘tkazilishi belgilangan. Qaror asosida pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan malaka toifasini berish amaliyoti takomillashtirilib, inson omilisiz o‘tkaziladigan yangi tizim joriy qilindi.

Yangi tartibga ko‘ra, sinovlar ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda mutaxassislik fanidan pedagoglarning bilimi (bilish, qo‘llash, mulohaza qilish ko‘nikmalari), ikkinchi bosqichda ularning pedagogik mahoratlari baholanadi. Sinov materiallari soha mutaxassislari, olimlar va amaliyotchi pedagoglarni jalb qilgan holda testologik me’yorlar asosida ishlab chiqildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mutasaddilarining ta’kidlashicha, bugungi kunda attestatsiyada ishtirok etish uchun 21 ming nafardan ortiq pedagog onlayn ariza topshirgan bo‘lib, ularning 18 ming 350 nafari ishtirok etishi kutilmoqda.

Ta’lim sifatini oshirishda o‘z ustida tinimsiz ishlaydigan, bilimi va tajribasi yuqori bo‘lgan o‘qituvchilarning o‘rni beqiyos. Yangi attestatsiya tizimi aynan ana shunday malakali o‘qituvchilar sonining ortishiga, mamlakatimizda ta’lim sifatining yanada oshishiga xizmat qiladi.

Attestatsiya sinovlari may oyining yakuniga qadar davom etadi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),

O‘zA muxbirlari