Yoshlar ijod saroyida “Toshkent – Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining birinchi yoshlar poytaxti” tadbiri ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda MDHga a’zo mamlakatlarning yoshlar tashkilotlari rahbarlari va yoshlari sifatli ta’lim, fan, innovatsiya, volontyorlik va ekologiya sohalari bo‘yicha muloqot qildi.

Shu bilan bir qatorda, yoshlar loyihalari taqdimotlari, texnologik, hunarmandchilik va tadbirkorlik ko‘rgazmalari ham tashkil etildi.

Ma’lumki, 2023-yil Rossiya Federatsiyasining Sochi shahrida o‘tkazilgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Hukumat rahbarlari kengashi yig‘ilishida “MDH Yoshlar poytaxti” xalqaro loyihasini amalga oshirish bo‘yicha qaror qabul qilingan. Unga ko‘ra, 2024-yilda Toshkent shahri MDHning Yoshlar poytaxti maqomini olishi belgilangan.

Tadbirda qayd etilganidek, MDH Yoshlar poytaxti loyihasini 3 bosqichda tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Birinchi bosqichda Toshkent shahri MDH Yoshlar poytaxti deb e’lon qilingani munosabati bilan rasmiy ochilish marosimi o‘tkazildi. Uning doirasida MDH Yoshlar Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ochilish marosimida Toshkent shahri MDH Yoshlar poytaxti sertifikati qabul qilib olindi. MDHga a’zo mamlakatlarning Jamoat birlashmalari yoshlar forumi ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ikkinchi bosqichda joriy yilning uchinchi choragida Yoshlar parlamentlari oromgohi, ikkinchi xalqaro volontyorlar festivali, shaxmat turniri, “Yaxshi ishlar yo‘lida” onlayn konferensiyasi o‘tkaziladi.

Uchinchi bosqichida esa dekabr oyida MDH Yoshlar poytaxti maqomini 2025-yili Ozarbayjonning Gabala shahriga o‘tkazish maqsadida yopilish marosimi o‘tkaziladi.

Tadbirlarga 200 nafardan ortiq MDHga a’zo va kuzatuvchi mamlakat yoshlari, yoshlar siyosatiga mas’ul davlat organlari, NNT va jamoat tashkiloti rahbarlari va vakillaridan iborat delegatsiyalar taklif etilishi rejalashtirilgan.

Gulnoza Boboyeva, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA