Davlatimiz rahbari to‘qimachilik tarmog‘ida faoliyat yuritayotgan korxonalar rahbarlari bilan muloqot qilib, ularning muammolari va takliflarini eshitdi.

Jumladan, mutasaddilarga:

– “A” reytingi bor tadbirkorlarga ham ikki yil davomida qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish bo‘yicha bir kunda xulosa berish tizimini yo‘lga qo‘yish;

– xorijdagi “erkin zonalar”ning omborlarini ijaraga olish, bo‘yalgan mato eksport qilgan korxonalarga xorijiy valyutada kredit ajratish tizimini joriy qilish;

– tadbirkorlar reytingida “A” toifadagi eksportchi korxonalarga akkreditivni garovga olish va uni 70 foizi miqdorida aylanma mablag‘ uchun kredit ajratish tizimini yo‘lga qo‘yish;

– to‘qimachilik korxonalariga obyektlarni o‘z kuchi bilan qurishga ruxsat berish;

– gazlama, bo‘yash-pardozlash, tayyor tikuv-trikotajdagi 10 million dollargacha bo‘lgan loyihalar uchun chet el valyutasida olinadigan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining 6 foizdan yuqori qismini kompensatsiya qilish;

– to‘qimachilik korxonalari aylanmasi uchun berilgan kreditlarning qaytarish muddatini uzaytirib, tadbirkorlarga grafik bo‘yicha o‘z vaqtida qaytarilgan summaga teng miqdorda “revolver” kredit berish;

– poytaxt va viloyat markazlaridagi yirik savdo komplekslarida “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” nomi ostida milliy mahsulotlar do‘konlarini tashkil qilish bo‘yicha asoslantirilgan takliflar kiritish topshirildi.

O‘zA