Toshkentda “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Anjumanda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Bahrayn, Qatar, Kuvayt, BAA, O‘mon va Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirlari ishtirok etdi.

  • “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” Strategik muloqoti tashqi ishlari vazirlari ikkinchi uchrashuvining aziz ishtirokchilarini poytaxtimiz Toshkentda qutlashdan bag‘oyat mamnunman, – dedi O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov o‘z nutqida. – Muloqot formatining Markaziy Osiyodagi ilk davrasi serquyosh O‘zbekiston zaminida bo‘lib o‘tayotgani biz uchun katta sharafdir. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, bugungi tadbirimizni yuqori darajada tashkil etishdagi sa’y-harakatlari uchun kengash Bosh kotibi Jasim Al-Budaiviy Janobi Oliylariga chuqur minnatdorligimni izhor etaman. Uchrashuvimizning faxriy mehmoni sifatida ishtirok etayotgan qardosh Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov Janobi Oliylarini qutlashdan baxtiyorman.

Mulozim o‘zining tabarruk 70 yoshini nishonlayotgan Bahrayn Podshohligi Tashqi ishlar vaziri, Abdullatif bin Rashid Al-Zayani Janobi Oliylarini chin dildan muborakbod etarkan, samimiy qutlovlarini bildirdi.

  • Qadrli hamkasblar, – nutqida davom etdi O‘zbekiston tashqi siyosat idorasi rahbari. – Ushbu uchrashuv ikki strategik muhim mintaqa – Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz o‘rtasidagi sheriklikni yanada mustahkamlashga qaratilgan hamjihatligimiz va qat’iyatligimizning yaqqol tasdig‘idir. Bu eng avvalo, hamkorligimizning kun tartibini muhokama qilish, 2023-yil Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan formatimizning birinchi sammitida erishilgan kelishuvlarni birgalikda amalga oshirish, xalqaro va mintaqaviy dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish uchun qulay imkoniyatdir.

Uchrashuv kun tartibida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, siyosat, xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va atrof-muhitni himoya qilish yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokamasi o‘rin oldi.

  • “Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvini o‘tkazishdan maqsad – kelgusi yili Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” formatidagi ikkinchi oliy darajadagi sammitga tayyorgarlik ko‘rishdan iborat, – dedi Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi Bosh kotibi Jasim Muhammad Al-Budaiviy. –  Ya’ni, bu yig‘ilish yana bir muvaffaqiyatli sammitga poydevor qo‘yish vazifasini o‘tamoqda. Yana bir muhim sababi esa, Ko‘rfaz arab mamlakatlari Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro yaxshi munosabatda ekanligidir.

Toshkent uchrashuvi shubhasiz, tomonlar bir-birining salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi navbatdagi qadami bo‘lib, jadal rivojlanayotgan ikki mintaqa davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro tushunish, ishonchli muloqot va teng huquqli sheriklik platformasini mustahkamlashga xizmat qiladi.

  • Bugun yig‘ilish ochiq, konstruktiv va do‘stona atmosferada bo‘lib o‘tdi, – dedi O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev. –  Avvalo, mazkur muhim tadbirga qiziqish bildirganingiz va uni keng yoritishda ishtirok etganingiz uchun sizlarga samimiy minnatdorlik bildiramiz.

Barcha ishtirokchi davlatlarning bugungi vazirlar uchrashuvida yuqori darajada ishtirok etganliklari  “Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” Strategik muloqoti formatining nufuzi tobora ortib borayotanligidan dalolatdir.

Yig‘ilishda davlatlar o‘rtasida siyosiy, xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, investitsiya va boshqa sohalarda hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, vazirlar dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar, xususan, Afg‘oniston, Yaqin Sharqdagi vaziyat va boshqa bir qator mavzular bo‘yicha atroflicha fikr almashdilar.

“Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari” tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi yig‘ilishi 2026-yil Kuvaytda o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Yig‘ilish yakuni bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilindi.

Muharrama Pirmatova,

Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev (video),

Davron Ernazarov (foto), O‘zA