Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida 15-aprel – O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va san’at xodimlari kuni munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev soha xodimlarini kasb bayrami bilan muborakbod etib, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasini qo‘llab-quvvatlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xodimlarni rag‘batlantirishga qaratilayotgan e’tibor haqida gapirdi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirishga, ularga qulay shart-sharoit yaratishga va mehnatini munosib rag‘batlantirishga, aholining madaniy dam olishini mazmunli tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘tgan qisqa davr mobaynida sohaga oid qator qonunlar, farmon va qarorlar qabul qilingani bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Ayniqsa, o‘tgan yili “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida Madaniyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident qarorining qabul qilinishi madaniyat va san’at sohasi vakillari hamda ijodkorlarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashda, o‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining boy va qadimiy madaniyatini o‘zaro uyg‘un va hamohang ravishda rivojlantirishda, shuningdek, badiiy jamoalarning mahalliy va xorijiy gastrol safarlarini tashkil etish ishlarini doimiy moliyalashtirish tizimini yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mana shunday e’tibor natijasida shahar va tumanlarda bir qator madaniy obyektlar, Qoraqalpog‘iston san’at saroyi yangidan qurilib, opera va balet teatri, xoreografiya akademiyasi hamda maktab-internati tashkil etilmoqda. Bu esa ko‘p millatli xalqimizning asrlar davomida meros bo‘lib kelayotgan boy va qadimiy madaniyati bilan san’atini keng targ‘ib qilishga, uni kelajak avlodga yetkazishga, aholiga sifatli madaniy xizmat ko‘rsatishga, yosh avlodni ona Vatanga sadoqat, milliy madaniyatimiz bilan san’atimizga hurmat ruhida tarbiyalashga, millatlararo do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Tadbirda bir guruh soha fidoyilariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi faxriy unvonlari hamda ko‘krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
Ishtirokchilarga san’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari