Bolalar ombudsmaniga Namangan viloyatida yashovchi ayol X.X. murojaat qilib, Rossiyada qarovsiz qolgan voyaga yetmagan farzandlarini qaytarishda amaliy yordam so‘ragan.

Ma’lum bo‘lishicha, ayol Rossiyaning Qozon shahrida 2012-yilda tug‘ilgan qizi N.U., 2015-yilda tug‘ilgan o‘g‘li J.N. hamda turmush o‘rtog‘i K.G. bilan birga yashagan.

2024-yil 12-fevral kuni ota o‘g‘lini urganligi sababli bola politsiya tomonidan kasalxonaga joylashtirilgan. Xorijda yashashga oid tegishli hujjatlar taqdim etilsa, politsiya bolani onasiga qaytarishini ma’lum qilgan.

Lekin ayolning hujjatlarida kamchiliklar bo‘lgan. Shu tufayli u Qozog‘iston Respublikasi hududiga o‘tgan. Biroq taqiq tufayli Rossiyaga qayta kira olmagan va O‘zbekistonga kelgan.

Ayolning murojaati Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida Tashqi ishlar vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘rganildi.

O‘zbekiston Respublikasining Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi xodimlari tomonidan olib borilgan o‘rganish natijasida Qozon shahridagi huquq-tartibot organlari bilan aloqa o‘rnatildi.

Aniqlanishicha, ayolning voyaga yetmagan farzandlari Qozon shahridagi 41-sonli o‘rta maktabda ta’lim olgan. Maktab hududida ota o‘g‘liga nisbatan jismoniy kuch ishlatganligi sababli, u 18-sonli bolalar shifoxonasida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan va davolanishga ehtiyoj mavjud emasligi aniqlangan.

Shu bilan birga, Bosh konsulxona tomonidan Qozon shahri Vaxitov va Privoljsk tumanlari vasiylik organi bilan muzokaralar olib borildi. Vasiylik organi bolalarning onasining Rossiyaga kirishga imkoniyati yo‘qligini inobatga olgan holda ularni O‘zbekistonga yuborishga ruxsat bergan.

Idoralarning izchil va o‘zaro tezkor choralari natijasida IIV tomonidan voyaga yetmagan ikki nafar bola O‘zbekistonga qaytarib olib kelindi va onasi qaramog‘iga topshirildi.

Bundan tashqari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, tashqi ishlar hamda ichki ishlar vazirliklari hamkorligida Rossiya Federatsiyasida ota-ona qaramog‘isiz qolgan voyaga yetmagan yana 17 nafar bola mamlakatimizga qaytarildi.

Ayni vaqtda bolalar «Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy huquqiy yordam ko‘rsatish markazi»ga joylashtirilgan. Ular yaqinlari qaramog‘iga qaytariladi. Shuningdek, ular doimiy ravishda «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan nazoratga olinadi.

N.Abduraimova, O‘zA