Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida

Qatar davlati axborot agentligi – QNA Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvini keng yoritmoqda.

Qatar delegatsiyasiga boshchilik qilgan Bosh vazir va tashqi ishlar vaziri Shayx Muhammad bin Abdurahmon bin Jasim Ol Soniy sessiya ochilishida so‘zlagan nutqida, ushbu uchrashuv munosabatlarni  mustahkamlashga bo‘lgan samimiy istakni ifodalashini, shuningdek, Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi imkoniyatlari va kuchli tomonlaridan foydalanishga qaratilganligini ta’kidladi.

–Biz keyingi bosqichda Ko‘rfaz hamkorlik kengashi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi do‘stlik va mintaqaviy aloqalar to‘g‘risidagi shartnoma loyihasining tafsilotlarini muhokama qilishni intiqlik bilan kutmoqdamiz, – dedi Qatar Bosh vaziri va tashqi ishlar vaziri Shayx Muhammad bin Abduraxmon bin Jasim Ol Soniy.

Mulozim ushbu xalqaro yig‘in bugungi kunda mamlakatlarimizga taalluqli bo‘lgan ko‘plab global muammolar nuqtayi nazaridan o‘tkazilayotganini va mamlakatlarimiz iqlim o‘zgarishidan tortib to global oziq-ovqat xavfsizligi inqirozigacha bo‘lgan turli sohalardagi muammolarni hal qilishga birgalikda hissa qo‘shishi mumkinligini ta’kidladi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, o‘tgan kunlarda mintaqa guvohi bo‘lgan keskinlashuv mintaqaviy barqarorlik va tinchlikni saqlashni ta’minlash maqsadida mintaqaning turli mamlakatlari o‘rtasida samarali muloqot va muvofiqlashtirishni davom ettirish, barqarorlikni buzishi yoki tinchlikka putur yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday keskinlikni kamaytirish zarurligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Shuningdek, u o‘z nutqi yakunida Qatar Falastin muammosini adolatli va keng qamrovli hal etish asosida tinchlik jarayoniga erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlari davom etayotganiga to‘xtalib o‘tdi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA