Bugun poytaxtimizdagi «O‘zekspomarkaz» markaziy ko‘rgazmalar majmuida «Sog‘liqni saqlash – TIHE 2024» 28-xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.

Unda O‘zbekiston, Bangladesh, Belarus Respublikasi, Germaniya, Daniya, Italiya, Qozog‘iston, Koreya Respublikasi, Rossiya kabi 20 mamlakatdan 300 dan ortiq kompaniya o‘z imkoniyatlarini namoyish qilmoqda.

Qayd etish kerakki,«Iteca Exhibitions» xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan ushbu ko‘rgazma 28-marotaba mahalliy va xorijlik ishlab chiqaruvchilar hamda tibbiyot sohasi mutaxassislari uchun o‘zaro muloqot maydonini yaratmoqda.

– Bugungi kunda mamlakatimiz tibbiyot sohasida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda, – dedi «Iteca Exhibitions» xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Oyimxon Bobojonova. – Bu jarayonda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va kadrlar salohiyatini yanada oshirish muhim hisoblanadi. Uch kun bo‘lib o‘tadigan ushbu ko‘rgazma ham tibbiyot sohasi vakillari uchun ana shunday o‘zaro hamkorlikka keng yo‘l ochib beradi. Ayniqsa, tibbiy, farmatsevtik, laboratoriya, stomatologiya uskunalari, sarf materiallarining keng assortimentini namoyish etadigan ko‘plab mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ushbu tadbirdagi ishtiroki yanada e’tiborlidir. Ko‘rgazma doirasida soha mutaxassislari uchun seminarlar, mahorat darslari va anjumanlar o‘tkaziladi.

Ta’kidlash kerakki, «TIHE 2024» ko‘rgazmasi Butunjahon ko‘rgazma sanoati uyushmasi (UFI) tomonidan tasdiqlangan tadbir maqomiga ega bo‘lgan O‘zbekistondagi yagona tibbiy ko‘rgazma hisoblanadi. U tibbiyot hamjamiyati mutaxassislariga «so‘nggi avlod» tibbiy texnologiyalari bilan tanishish imkoniyatini yaratayotgan noyob platformaga aylanib ulgurdi.

Toshkentlik oftalmolog Eldor Hakimov ham ushbu ko‘rgazma jarayonlarini kuzatib, o‘z sohasiga doir yangiliklar bilan yaqindan tanishdi.

– Avvalo, tadbir tashkilotchilariga katta rahmat. 20 davlatning tibbiyot sohasi ishlab chiqaruvchilarini bir manzilga jamlash va ular uchun katta platforma yaratish oson ish emas. Shunga qaramay, ko‘rgazma ekspozitsiyasi juda katta maydonda uyushtirilgan va tibbiyot sohasining deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan. Bu nafaqat mahalliy, balki xorijlik ishlab chiqaruvchilar uchun xaridorlar topishga va o‘z mahsulotlarini eksport qilishga qulay fursat deyish mumkin, – dedi E. Hakimov.

Eslatib o‘tamiz, ushbu yilgi «TIHE 2024» xalqaro ko‘rgazmasi «O‘zekspomarkaz»ning to‘rtta pavilonida tashkil etilgan. Birinchi pavilonida Germaniya, Rossiya, Xitoy, Koreya Respublikasi, Turkiya milliy stendlari, 2-pavilonda tibbiyot texnologiyalari, laboratoriyalarni jihozlash uchun uskunalari, 3-pavilonda farmatsevtika sanoati uchun uskunalar va texnologiyalar, tayyor dori mahsulotlari va 4-pavilonda esa stomatologiya amaliyoti uchun tibbiy buyumlar, texnikalar, uskunalar taqdim etilmoqda.

 

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA