Xabaringiz bor, 2022-yilning 2-dekabrida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hukumat rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiyaning 3-majlisi doirasida ikkala mamlakat bojxona xizmati rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasida bojxona xizmatlari vakolatxonalarini ochish to‘g‘risida bitim imzolashgan edi.

Mazkur bitim amalga oshib, O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasining Rossiyadagi vakili o‘z faoliyatini boshladi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasining Rossiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Botirjon Asadov, O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasining Rossiyadagi vakili etib tayinlangan Zafar Sanginov va Rossiya federal bojxona xizmati rahbari Ruslan Davidov ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikning keng ko‘lamli jihatlarini muhokama qildi. Tahlillarga ko‘ra, 2016-yildan boshlab O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi yiliga 15-20 foizga o‘sib bormoqda.

O‘zbekiston va Rossiya bojxona tizimlarida axborot texnologiyalarining jadal rivojlanib borayotgani bojxona xizmatlari o‘rtasida teng sherikchilik aloqalarini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Natijada, o‘zaro savdoda tashqi savdo yuklarini uzluksiz va xavfsiz yetkazib berish zanjirlarini ta’minlashga qaratilgan loyihalar muvafaqqiyatli amalga oshirilmoqda.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi vakilining Rossiya Federatsiyasida ish boshlashi bojxona xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtirish va faollashtirishga xizmat qiladi. O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida tovarlar va transport vositalarining erkin o‘tishiga to‘sqinlik qiladigan sabablarni baholash, aniqlash va joyida bartaraf etish imkonini beradi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA