Toshkentda “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” strategik muloqoti bo‘yicha tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Bahrayn, Qatar, Kuvayt, BAA, O‘mon va Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston, xususan, Toshkent shahri, Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik tarixiy aloqalar, madaniy almashinuvlar va bugungi kunda o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun ulkan salohiyatga asoslangan mintaqalararo bog‘liqlikning yangi formatiga amaliy sur’at bag‘ishlaydigan manzilga aylanmoqda.

– “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” strategik muloqoti mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov. – Muloqot formatining Markaziy Osiyodagi ilk davrasi O‘zbekiston zaminida bo‘lib o‘tayotgani, ikki strategik muhim mintaqa – Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz o‘rtasidagi sheriklikni yanada mustahkamlashga qaratilgan hamjihatligimiz va qat’iyatimizning yaqqol tasdig‘idir. Bu eng avvalo, hamkorligimizning kun tartibini muhokama qilish, 2023-yil Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan birinchi sammitda erishilgan kelishuvlarni birgalikda amalga oshirish, xalqaro va mintaqaviy dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish uchun qulay imkoniyatdir.

Uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va atrof-muhitni himoya qilish yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

– “Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” strategik muloqoti bo‘yicha tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvini o‘tkazishdan maqsad kelgusi yili Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” formatidagi ikkinchi oliy darajadagi sammitga tayyorgarlik ko‘rishdan iborat, – dedi Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi Bosh kotibi Jassim Muhammad Al-Budaiviy. – Ya’ni bo‘lajak yig‘ilish yana bir muvaffaqiyatli sammitga poydevor qo‘yish vazifasini o‘tamoqda. Yana bir muhim jihati, Ko‘rfaz arab mamlakatlari Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro yaxshi munosabatda ekanligidir.

Toshkent uchrashuvi shubhasiz, tomonlar bir-birining salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘lib, jadal rivojlanayotgan ikki mintaqa davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro tushunish, ishonchli muloqot va teng huquqli sheriklik platformasini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Vazirlar dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar, xususan, Afg‘oniston, Yaqin Sharqdagi vaziyat va boshqa bir qator mavzular bo‘yicha ham atroflicha fikr almashdi.

Yig‘ilish yakuni bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilindi.

O‘zA