O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, “Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashi hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlarining 2024 yilgi qo‘shma qaroriga asosan, mamlakatimizdagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi “Vatan tayanchi” otryadlariga a’zo bo‘lgan bitiruvchi sinf o‘quvchilari o‘rtasida mudofaa vazirining kubogi uchun o‘tkazilayotgan “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasi yoshlarda harbiylikka havas uyg‘otib, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga hissa qo‘shmoqda.
Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan birida o‘tkazilgan musobaqaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi 17 ta shahar va tumandan eng sara jamoalarni saralab berdi.
Musobaqaning ochilish marosimida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari, polkovnik Dilshod Ilhomov va boshqalar so‘zga chiqib, musobaqa ishtirokchilariga zafar yor bo‘lishini tiladi.
O‘quvchi-yoshlarni harbiy-amaliy sport musobaqalariga keng jalb etish orqali ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, o‘zaro madaniy-sport aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda yoshlarni sport o‘yinlariga ommaviy tarzda jalb etish, sog‘lom turmush tarzini odat qilishga o‘rgatish, ruhan va jismonan sog‘lom, barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilgan ushbu musobaqa to‘rt yil ichida yoshlar orasida ommalashib, minglab ixlosmandlarni yig‘ishga ulgurdi.
Musobaqa nizomiga ko‘ra, har bir jamoadan 7 nafar o‘g‘il va 3 nafar qiz bola ishtirok etishiga ruxsat berilgan. Harbiy-sport musobaqasining “Mohir mergan”, “Turnikda tortilish”, “Harbiylashtirilgan estafeta”, “Jabrlanuvchiga birinchi yordam ko‘rsatish”, “Safda qo‘shiq aytish”, “Amir Temur tuzuklari bilimdoni” shartlarida, shuningdek, “Vatan tayanchi yulduzlari” deb nomlangan yangi shartda ishtirokchilarning mahorati, bilimi, xatti-harakati baholab borildi.
Musobaqa shartlarida alohida ko‘rsatkichlarga erishgan o‘quvchi-yoshlar va jamoalar “Eng kuchli sportchi”, “Amir Temur tuzuklari bilimdoni”, “Eng yaxshi mergan” va “Eng yaxshi ijrochi” kabi bir qator nominatsiyalar bo‘yicha mukofotlandi.
Barcha shartlar bo‘yicha yuqori natija ko‘rsatgan Qorao‘zak tumanining “Temuriylar” jamoasi uchinchi, Kegeyli tumanidan kelgan “Lochin” jamoasi ikkinchi, musobaqaning o‘tgan yilgi g‘olibi Qonliko‘l tumanining “Lochinlar” jamoasi birinchi o‘rinni egalladi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan kubok, medal, diplomlar, faxriy yorliqlar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Musobaqada g‘alaba qozongan Qonliko‘l tumani jamoasi O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri kubogi musobaqasining final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari